Netanyaxu Tel-Avivdagi portlashlar ortidan G‘arbiy Sohilda harbiy operatsiya boshlashni buyurdi
Olam
−
21 fevral
4945Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Tel-Avivning Bat-Yam shahrida avtobuslar portlashi ortidan Isroil armiyasiga G‘arbiy Sohildagi “terrorchilik markazlari”ga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlashni buyurdi. Bu haqda uning idorasi bugun, 21 fevral kuni xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Isroil “terrorizm o‘choqlariga qarshi kuchli operatsiya” o‘tkazadi. Netanyaxu, shuningdek, Isroil politsiyasi va davlat xavfsizlik xizmatiga mamlakat shaharlarida yangi hujumlarning oldini olish uchun “profilaktik choralarni kuchaytirish” haqida topshiriq bergan. Bu qaror Mudofaa vaziri Isroil Kats, Isroil armiyasining bosh shtabi rahbari general-leytenant Xersi Xa-Levi, xavfsizlik xizmati rahbari Ronen Bar va Isroil politsiyasi komissari Daniel Levi ishtirokidagi uchrashuvdan so‘ng qabul qilingan.
Mudofaa vaziri Isroil Kats ham Isroil armiyasiga Bat-Yamdagi portlashlarga javoban G‘arbiy Sohildagi aksilterror operatsiyalarni kuchaytirish haqida ko‘rsatma bergan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 fevral kuni Tel-Avivning janubida joylashgan Bat-Yam shahrida bir nechta avtobus portlagan edi. Isroil politsiyasi voqea oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini, gumonlanuvchilar qidirilayotganini xabar qilgan. Transport vaziri Miri Regev mamlakat bo‘ylab barcha avtobuslar, poyezdlar va tramvaylarni tekshirishni buyurgan. U, shuningdek, Marokashga tashrifini to‘xtatib, zudlik bilan Isroilga qaytishini e’lon qilgan.
LiveBarchasi