Netanyaxu Prezidentdan afv so‘radi

Olam

image

Kecha, 30 noyabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘ziga nisbatan davom etayotgan korrupsiya ishi bo‘yicha mamlakat Prezidentidan afv etishni so‘radi. Uning aytishicha, afv etilishi Isroil uchun “foydali bo‘ladi”. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Netanyaxu 2019 yilda poraxo‘rlik, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilishda ayblangan bo‘lib, u mazkur ayblovlarni doimo rad qilib kelgan. Uning advokatlari Prezident devoniga Bosh vazirni afv etishni so‘rab rasmiy maktub yuborgan.

“Advokatlarim bugun Prezidentga afv so‘rovi yubordi. Mamlakat farovonligini istagan har bir kishi bu qarorni qo‘llab-quvvatlashiga ishonaman”, dedi Netanyaxu.

Sud jarayoni besh yildan beri davom etayotganiga qaramay, Bosh vazir ham, uning advokatlari ham aybni tan olmayapti.

Muxolifat yetakchisi Yair Lapidning ta’kidlashicha, Netanyaxu aybini tan olmagan va pushaymonlik bildirmagan bir paytda uni afv etish mumkin emas.

Isroil qonunchiligiga ko‘ra, afv odatda sud jarayoni yakunlanganidan keyin ko‘rib chiqiladi, biroq Netanyaxu advokatlari bu safar Prezident mamlakatdagi siyosiy bo‘linishni yumshatish va milliy birlikni mustahkamlash uchun istisno tariqasida qaror qabul qilishi mumkinligini aytmoqda.

Prezident Isaak Gersog devoni so‘rovni “muhim oqibatlarga ega”, deb atab, barcha zarur fikr-mulohazalar olingach, masala “mas’uliyat va samimiyat bilan” ko‘rib chiqilishini bildirdi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp ham o‘tgan oyda Gersogga maktub yuborib, Netanyaxuni afv etishni ko‘rib chiqishga chaqirgan va unga qarshi ishni “siyosiy, asossiz ta’qib” deb baholagan.

An’anaga ko‘ra, prezidentga kelgan bunday so‘rovlar Adliya vazirligining afv bo‘limiga yuboriladi, undan so‘ng Prezidentning yuridik maslahatchisi tomonidan tavsiya tayyorlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, jarayonni nazorat qiluvchi asosiy shaxslardan biri – Isroil Adliya vaziri, Netanyaxuning yaqin ittifoqchisi va “Likud” partiyasi a’zosi Yariv Levin hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik Isroil Netan'yaxu Donald Tramp Likud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing