Netanyaxu Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olinishiga urinmoqda

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kecha, 9 mart kuni Italiyadan Quddusni mamlakat poytaxti sifatida tan olishni so‘rashini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Netanyaxu kecha, 9 mart kuni uch kunlik tashrif bilan Italiyaga kelgan. U bugun, 10 mart kuni Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni bilan uchrashadi. Safar oldidan Italiya OAVga intervyu bergan Isroil Bosh vaziri rasmiy Rimdan Quddusni Isroilning poytaxti sifatida tan olishni so‘ramoqchiligini ma’lum qilgan.

“Men Rim ham AQSH kabi Quddusni uch ming yillik yahudiy xalqining poytaxti sifatida tan oladigan vaqt keldi, deb hisoblayman”, degan Netanyaxu.

Shuningdek, u Rimni tabiiy gaz bilan ta’minlash istiqbolini oshirib, Italiya bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish istagini bildirgan. Italiya o‘tgan yili Ukrainada urush boshlangani ortidan Rossiyadan import qiladigan energiya manbalarini almashtirish majburiyatini olgan. Isroil esa bu vaziyatda o‘z gazini taklif qilmoqda. Evaziga Italiya Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olishini so‘rayapti.

Ma’lumot uchun, Isroil parlamenti 1980 yilda “to‘liq va birlashgan” Quddus shahrini Isroil poytaxti deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan. Biroq BMT shaharning sharqiy qismini bosib olingan deb hisoblaydi. Shuning uchun ham ko‘pchilik davlatlar tomonidan Quddus Isroil poytaxti sifatida tan olinmaydi. Shaharning maqomi ham xalqaro normalarga ko‘ra, Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro muzokaralar orqali hal qilinmagunga qadar bahsli sanaladi. Biroq 2018 yilda AQSH o‘z elchixonasini Quddusga ko‘chirib, bu borada Isroilni qo‘lladi.

Italiya ham AQSH ortidan boradimi yoki yo‘q, bu hozircha noma’lum. Biroq Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni lavozimga kelishidan oldin bergan intervyularidan birida AQSHning o‘z elchixonasini Quddusga ko‘chirish haqidagi qaroriga amal qilish niyati yo‘qligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Quddus Isroil Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing