Netanyaxu eronliklarni isyon ko‘tarishga chaqirdi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eron aholisiga murojaat qilib, ularni mamlakat rahbariyatiga qarshi qo‘zg‘olonga chorladi. Bu haqda u kecha, 12 avgust kuni Eron xalqiga qilgan videomurojaatida gapirdi.

Murojaatda Isroil Bosh vaziri mamlakat “joriy tuzumdan ozod bo‘lishi bilanoq” Eronning keskin suv taqchilligi muammosini hal qilishga va’da bergan. Xususan, Netanyaxu Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning mamlakatda suv taqchilligi hamda boshqa jiddiy milliy muammolar mavjudligini tan olganini qayd etgan.

“Bu dahshatli yozgi jaziramada bolalaringizga berish uchun hatto toza sovuq suv ham yo‘q. Qanday riyo. Qanday xalqni mensimaslik”, deydi Netanyaxu.

U qariyb o‘n yil avval suv resurslarini boshqarishni o‘rgatish maqsadida fors tilida Telegram-kanal ochganini va u tezda 100 ming obunachiga ega bo‘lganini eslagan.

“Eronning suvga bo‘lgan chanqoqligi faqat erkinlikka bo‘lgan chanqoqlik bilan teng”, deydi Isroil Bosh vaziri.

Netanyaxuning bildirishicha, “Eron erkin bo‘lishi bilanoq” yetakchi isroillik suv resurslari bo‘yicha mutaxassislar har bir Eron shahriga oqib boradi va o‘zlari bilan ilg‘or texnologiyalar hamda tajribani joriy etadi.

Isroil hukumati rahbari Eron rahbariyatini o‘z fuqarolariga “zulm va qashshoqlik”ni singdirishda va yuzlab milliard dollarlarni HAMAS, “Hizbulloh” hamda husiylarga yo‘naltirib, ichki ehtiyojlarga pul ajratmaslikda ayblagan.

“Siz og‘ir urush davrida yolg‘iz azob chekayotgan paytingizda mamlakatdan qochayotgan rahbarlarga loyiq emassiz”, deydi u.

Nutqi yakunida Netanyaxu eronliklarni ko‘chalarga chiqishga, “zulmga qarshi turishga” va Eron rahbariyatini “javobgarlikka tortishga” chaqirgan.

“Ularning hayotingizni bir daqiqaga ham barbod etishga yo‘l qo‘ymang. Siz yolg‘iz emassiz. Isroil siz bilan. Butun erkin dunyo siz bilan”, deydi Netanyaxu.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning iyul oyi oxirida Eron misli ko‘rilmagan suv inqiroziga duch kelgan. Buning oqibatida mamlakat poytaxti Tehron bir necha hafta ichida suv ta’minotisiz qolishi mumkin.

G‘arb OAVlari xabariga ko‘ra, inqirozning sababi bir nechta omillarning yig‘indisi, jumladan, suv resurslarini o‘nlab yillar davomida samarasiz boshqarish va talab bilan taklif o‘rtasidagi nomutanosiblikning ortishi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda anomal issiqlik, suv sathi pasayishi va elektr uzilishlari ortidan hukumat favqulodda choralar ko‘rishga majbur bo‘lgandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi 31 viloyatdan kamida 15 tasida davlat idoralari butunlay yopilgan yoki qisqartirilgan ish jadvaliga o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing