Netanyaxu Eron rahbariyatiga yana dag‘dag‘a qildi
Olam
−
14 iyun 2025 12929 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu yaqin orada Isroil harbiy-havo kuchlari Tehron osmonida yana paydo bo‘lib, “Oyatulloh rejimi”ning barcha ob’ektlari va nishonlariga zarba berishini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘z xalqiga yo‘llagan videomurojaatida so‘z ochgan.
“Eng yaqin vaqtda siz Isroil harbiy-havo kuchlarining samolyotlarini Tehron osmonida ko‘rasiz – biz rejimning har bir ob’ektiga va har bir nishoniga zarba beramiz”, degan yahudiylarning Bosh vaziri.
Qolaversa, u Isroil Erondagi yadroviy bomba ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan muhim ob’ektga hujum qilgani haqida ham gapirgan.
“Biz ushbu loyihalarni nazorat qiluvchi asosiy olimlar guruhiga ham zarba berdik. Va bu ularni, ehtimol, ko‘p yillar davomida orqaga qaytaradi”, deya qo‘shimcha qilgan Netanyaxu.
Isroil vazirining ta’kidlashicha, mamlakat havo kuchlari Tehrondagi Eron rejimining har bir ob’ekti va har bir nishoniga zarba beradi va g‘alabaga erishgunga qadar kurashni davom ettiradi.
Isroilning Eronga hujumi
13 iyun kuni Isroil Eronga qarshi zarba berishni boshladi va bu operatsiyani “Sherlar olami” deb nomladi. Zarba ob’ektlari sifatida Tehron, Natanz, shuningdek, Kirmonshoh va Xaramobod hududlari tanlangan. Hujumlarda harbiy bazalar, Eron havo hujumidan mudofaa tizimlari va Eron Islomiy inqilobiy gvardiyasi vakillari joylashgan turar joy majmualari nishonga olingan.
Isroil zarbalari oqibatida bir necha yuqori lavozimli harbiy xizmatchilar va yadroviy fiziklar yo‘q qilingan. Qolaversa, tinch aholi orasidan ham 60 kishi vafot etgani taxmin qilinmoqda.
Eronning Isroilga javobi
13 iyun kuni tundan bugun, 14 iyun tongiga o‘tar chog‘i Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujumlardan so‘ng, Eron Isroilga qarshi o‘z javob zarbalarini yo‘lladi. Eron harbiy kuchlari tomonidan Isroil hududiga qarata 200 dan ortiq dron va ballistik raketalar uchirilgan. Isroil Mudofaa kuchlari ushbu zarbalarni tasdiqlagan va havo mudofaa tizimlari zudlik bilan ishga tushirilgan. SAXAL rasmiy bayonotida aytilishicha, Isroil havo mudofaasi katta miqdordagi hujumchi dron va raketalarni tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan va 10 dan ortiq kishi jarohat olgan.
Live
Barchasi