Netanyaxu biz uchun gaplashib o‘tiradigan odam emas – Erdo‘g‘an
Olam
−
04 noyabr 2023
9630Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlaridan so‘ng, Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan butunlay aloqani uzganini ma’lum qildi. Bu haqda u Qozog‘istondan qaytayotgan samolyot bortida turkiyalik jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Hozirda hech qanday aloqam yo‘q. Milliy razvedka tashkiloti rahbari Ibrohim Kalin Isroil tomoni bilan aloqalarni davom ettirmoqda. Albatta, u Falastin va HAMAS bilan ham aloqada. Men shuni aytaman: Netanyaxu endi har qanday holatda ham biz uchun suhbatlashadigan odam emas. Biz uni [bunday odamlar ro‘yxatidan] o‘chirdik", deydi Erdo‘g‘an.
Turkiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi voqealar uchun birinchi raqamli mas’uliyat Isroil Bosh vaziri Netanyaxuning o‘ziga yuklatilgan.
"Hozir Isroilda unga qarshi fikrlar ortib bormoqda. Netanyaxu Isroil xalqining reaksiyasini qo‘zg‘atgan. Uni hatto o‘z fuqarolari qo‘llab-quvvatlamayapti", deb hisoblaydi Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkdagi “Turk uyi”da Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu birinchi marta yuzma-yuz uchrashgandi. Uchrashuv chog‘ida Turkiya yetakchisi mamlakatining Isroil bilan energetika, texnologiya, innovatsiya, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida hamkorlik qilishi mumkinligiga e’tibor qaratgandi.
LiveBarchasi