Netanyaxu Dohaga qilingan zarba uchun Qatardan uzr so‘radi
Olam
−
30 Sentabr 2025 6665 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Doha shahriga qilingan havo hujumi uchun Qatardan uzr so‘radi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, jurnalist Barak Ravid xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Netanyaxu Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdulrahmon bin Jassim Ol Soniy bilan telefon orqali suhbatda mamlakat suvereniteti buzilgani uchun uzr so‘ragan va hujum vaqtida halok bo‘lgan xavfsizlik xizmatchisi uchun afsus bildirgan.
“Reuters” manbasining qayd etishicha, bu qo‘ng‘iroq AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uydagi uchrashuv paytida amalga oshirilgan. Shu yerda G‘azo bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish muzokaralarida qatnashgan qatarlik ishchi guruh ham bo‘lgan. Netanyaxu Vashingtonga kelishidan oldin Tramp Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qilgan edi.
Ynet manbalariga ko‘ra, uzr so‘rashni shaxsan Tramp talab qilgan. Ilgari Oq uy rahbari Isroil endi Qatarga zarba bermaslikka va’da berganini aytgandi. Endi esa Doha halok bo‘lgan ofitserning oilasiga tovon to‘lanishini talab qilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Isroil buni amalga oshirishga tayyor.
Netanyaxuning aytishicha, sentyabr boshida Qatarga qilingan zarbaning maqsadi HAMAS rahbarlarini yo‘q qilish bo‘lgan va “bundan boshqa hech narsa emas”.
Isroil armiyasi zarba HAMASning siyosiy byurosi rahbari Xolid Mashal, harakat yetakchilaridan Xalil al-Hayya va Zoxir Jabaringa qaratilganini bildirgan. Qatar esa Dohada voqea HAMAS rahbarlari yashagan binoda bo‘lganini tasdiqlab, Isroilning harakatlarini “do‘stlikka xiyonat” va “davlat terrorizmi” deb atagan.
Hujumdan so‘ng, Qatar, ya’ni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi asosiy vositachi mamlakatlardan biri, o‘z vositachilik harakatlarini to‘xtatgan va ularni tiklash uchun Isroildan rasmiy uzr talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroilning harakatlarini qoralab, bayonot bilan chiqqandi. Qolaversa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qilib, Dohaga hujumni keskin qoralagandi.
Live
Barchasi