Netanyaxu hokimiyatda qolish uchun G‘azodagi urushni uzaytirdi – NYT
Olam
−
12 iyul 4879 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 2024 yil aprelida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi mumkin edi, biroq u o‘zining siyosiy omon qolishi uchun buni rad etdi. Bu haqda “The New York Times” gazetasi Isroil, AQSH va arab davlatlarining 110 dan ortiq manbalari bilan suhbatlarga asoslanib xabar berdi.
Nashrning ma’lum qilishicha, Netanyaxu o‘zining o‘ta o‘ngchi koalitsiyadagi ittifoqchilari bosimi ostida HAMAS harakati kelishuvga tayyor bo‘lgan muhim daqiqalarda muzokaralar jarayonini sekinlashtirgan. U Isroil harbiy rahbariyati buni zarur deb hisoblamagan taqdirda ham jangovar harakatlarni davom ettirishni talab qildi.
“Nihoyat, 2025 yil yanvarida tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganida, Netanyaxu o‘ng kuchlar o‘rtasida norozilikni oldini olish uchun qisman mart oyida sulhni buzdi. Ushbu yondashuvning narxi yuqori bo‘lib chiqdi. G‘azodagi urushning to‘xtatilmagani minglab falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘ldi, ba’zi garovga olinganlarni tiriklayin qaytarilishining oldi olindi, Isroil jamiyatida bo‘linish chuqurlashdi, Saudiya Arabistoni bilan tuzilgan tinchlik bitimini torpeda qildi, xalqaro hamjamiyat oldida Isroil obro‘siga putur yetkazdi. Ammo Bosh vazirning o‘zi uchun buning oqibati nihoyatda foydali bo‘ldi”, deb yozadi gazeta.
Qayd etilishicha, Netanyaxu o‘z qo‘lida maksimal kuchni jamlagan, 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroilga hujumi holatlarini tergov qilishning oldini olgan. Bu hujumning oldini olmagani uchun uning aybdorligini ko‘rsatishi mumkin edi. U o‘z koalitsiyasini kuchaytirgan hamda Eronga hujumni rejalashtirish va amalga oshirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.
“Oxir oqibat, hatto Netanyaxuning eng sodiq tarafdorlari ham janglarning davom etishi unga o‘z lavozimida qolishga imkon berganini tan olishadi”, deya xulosa qiladi NYT.
6 iyul kuni HAMAS va Isroil Misr, Qatar va AQSH vositachiligida Dohada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va anklavda garovga olingan isroilliklarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishishga qaratilgan muzokara jarayonini qayta boshladi. 10 iyul kuni Netanyaxu AQSHga tashrifi chog‘ida Isroil G‘azo sektoridagi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga rozi ekanini aytdi.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, yahudiy davlati anklavda 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi, biroq to‘liq demilitarizatsiya va sektorda HAMASni hokimiyatdan olib tashlashni talab qilmoqda.
“Agar diplomatiya ish bermasa, Isroil bu maqsadiga harbiy yo‘l bilan erishmoqchi”, dedi Bosh vazir.
Live
Barchasi