Netanyaxu hibsga olinishi mumkinligidan qo‘rqyapti – OAV
Olam
−
28 aprel
19162Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoridagi harbiy jinoyatlari uchun Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) tomonidan hibsga olish uchun order berilishi mumkinligidan jiddiy xavotirda. Bu haqda anonim manbalarga tayanib, Isroilning “Maariv” gazetasi xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda hukumat rahbari voqealarning bunday rivojlanishining oldini olish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirgan. Xususan, u bu masalada o‘zi uchun ijobiy natijaga erishish maqsadida ko‘plab telefon suhbatlarini o‘tkazgan, jumladan, AQSH Prezidenti Jo Baydenga bilvosita bosim o‘tkazgan.
Biroq Netanyaxuga qarshi XJS orderini chiqarilishi faqat vaqt masalasi bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, G‘azo sektorida davom etayotgan jangovar harakatlardan kelib chiqib, Gaaga sudi Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant va Bosh shtab rahbari Gerzi Halevini ham qidiruvga qo‘yishi mumkin.
Qayd etilishicha, Netanyaxu buning oldini olish uchun kechayu kunduz ishlamoqda va qilinayotgan sa’y-harakatlarning bilvosita belgisi Falastin anklavida garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda Isroil pozitsiyasining biroz yumshashi bo‘lishi mumkin.
26 aprel kuni Netanyaxu Xalqaro jinoyat sudining o‘z mamlakatiga qarshi ehtimoliy harakatlari yuzasidan rasmiy bayonot berib, ushbu organning “Isroilning o‘zini himoya qilish ajralmas huquqini buzish”ga urinishlariga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi. Bosh vazirning iddaosicha, Isroil vakili bo‘lgan "Yaqin Sharqdagi yagona demokratiya" harbiy xizmatchilari va amaldorlarini hibsga olish tahdidi global miqyosda "xavfli pretsedent" yaratadi.
Isroil televideniyesining 12-kanalida ham yahudiy davlati rasmiylari G‘azo sektoridagi voqealar munosabati bilan yuqori martabali isroillik amaldorlarga nisbatan XJS tomonidan hibsga olish orderlari berilishi ehtimolidan jiddiy qo‘rqishayotgani haqida xabar berilgan. Shu bilan birga, 12-kanalning Gaagadagi manbalari AQSH sanksiyasisiz bu sodir bo‘lmasligini qayd etgan.
Fevral oyida XJS prokurori Karim Xon sud G‘azoda sodir bo‘lgan jinoyatlarni faol ravishda tergov qilayotganini aytgan. U bir necha bor urush qonunlari va urf-odatlariga rioya qilishga chaqirganini, ammo isroilliklarning xatti-harakatlarida hali sezilarli o‘zgarishlarni ko‘rmaganini ta’kidladi. Bundan tashqari, prokuror barcha garovga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr