Nepalning sobiq bosh vaziri hibsga olindi

Olam

image

Nepalda sobiq bosh vazir Kxadga Prasad Sharma Oli va uning ichki ishlar vaziri Ramesh Lehak hibsga olindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ular o‘tgan yil sentyabr oyida “Z avlodi” tomonidan o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi namoyishlar vaqtida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan voqealar yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida qo‘lga olingan.

Hibsga olish Balendra Shoh yangi Bosh vazir sifatida qasamyod qilganidan bir kun o‘tib amalga oshirilgan. Maxsus komissiya sobiq bosh vazirni namoyishlar vaqtida harakatsizlik qilganlikda aybdor deb topgan. O‘sha paytda birinchi kunning o‘zida bir necha soat davom etgan otishma oqibatida kamida 19 namoyishchi halok bo‘lgan, ikki kun ichida esa qurbonlar soni 76 nafarga yetgan. Shu voqealardan keyin Oli lavozimidan iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, ular Katmandu shahridagi politsiya boshqarmasida saqlanmoqda va yaqin kunlarda sudga olib boriladi. 74 yoshli Oli sog‘lig‘i sababli (u avval buyrak transplantatsiyasini boshdan kechirgan) politsiya bo‘limidan shifoxonaga o‘tkazilgan.

Uning advokati hibsni asossiz deb atab, mijozining tergovdan yashirinib ketish ehtimoli yo‘qligini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, yangi bosh vazir Balendra Shoh – sobiq reper va Katmandu shahri sobiq meri bo‘lib, u 14 kishidan iborat yangi hukumat tarkibini shakllantirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil sentyabr oyi boshida Nepal Prezidenti Ram Chandra Paudel vakillar palatasini tarqatib yuborishga va Oliy sudning sobiq raisi Sushila Karkini hukumatning vaqtinchalik rahbari etib tayinlashga rozi bo‘lgan edi. Prezidentning bu qarori parlamentni tarqatishni talab qilgan “zumerlar inqilobi” ishtirokchilarining talablariga mos keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ram Chandra Paudel Balendra Shoh Nepal'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing