Nemis telekanali Usmonovga tuhmat qilganini tan oldi
Olam
−
25 Oktabr
5103Joriy yilning avgust oyida Germaniyaning ARD telekanali Parij Olimpiadasidagi qilichbozlik haqida reportaj e’lon qilib, unda jurnalist milliarder Alisher Usmonovni hakamlarni sotib olishda ayblagan edi. Telekanal ushbu materialning haqiqatga zid ekanini tan oldi. Bu haqda Alisher Usmonovning matbuot xizmatiga tayanib, RBK xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Alisher Usmonovga Xalqaro qilichbozlik federatsiyasida (FIE) hakamlarni pora evaziga sotib olish tizimini yaratishda ayblov qo‘yilgan reportajni efirga uzatgan nemis teleradiokompaniyasi “Westdeutscher Rundfunk” (WDR) ARD telekanali va o‘z saytida e’lon qilingan bu material haqiqatga zid ekanini tan olgan.
“Nemis teleradiokompaniyasi “Westdeutscher Rundfunk” ARD telekanalida va o‘z saytida Alisher Usmonov tomonidan Xalqaro qilichbozlik federatsiyasida korrupsiya tizimi yaratilgani haqidagi haqiqatga zid bo‘lgan fikrlarni o‘z ichiga olgan reportajni e’lon qilgan bo‘lib, keyinchalik Gamburg sudi tomonidan taqiqlangan bu xabarlar bo‘yicha apellyatsiya huquqidan voz kechdi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2024 yil avgust oyida ARD telekanali Parij Olimpiadasidagi qilichbozlik bo‘yicha bir necha maqola va videoreportaj e’lon qilgan. Ularda ARD jurnalisti Yoaxim Zeppelt Usmonovni bu sport turida hakamlarni sotib olish tizimini yaratishda ayblagan edi. Misol sifatida u 1/8 finalida yutqazgan favoritlardan biri, gruziyalik qilichboz Sandro Bazadzening hakam tufayli mag‘lub bo‘lganini keltirgan.
Oktyabr oyida esa Gamburg sudi Usmonovning Zeppeltga qarshi ishida “gumonlarga asoslangan nomaqbul xabarlarni” tarqatishni taqiqlovchi sud qarorini chiqargan. Shundan so‘ng, ARD telekanali tadbirkorga qarshi ayblovlarni o‘z ichiga olgan reportajni o‘chirib tashlagan. Shunga qaramay, Usmonov 8 oktyabr kuni Zeppeltga qarshi Kyolnda prokuraturaga jinoiy ish qo‘zg‘atishni so‘rab, ariza berdi.
Qayd etish joiz, Usmonov 2008 yildan buyon Xalqaro qilichbozlik federatsiyasini boshqarib kelardi, lekin u 2022 yilning 1 martida federatsiya prezidenti lavozimidan vaqtincha chetlashtirildi. Bunga Yevropa Ittifoqi Alisher Usmonovni Ukrainadagi beqarorlikka mas’ul rossiyaliklarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagani va unga nisbatan sanksiya joriy etgani sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi