O‘zbekistonda iste’molchilarni energiya auditidan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etiladi
Jamiyat
−
30 may
10187Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 may kuni iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Yildan-yilga energiya resurslariga talab oshib borayotgan zamonda ulardan oqilona foydalanish, isrofgarchilikni kamaytirishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Shu maqsadda 2024 yilda hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar shakllantirildi. Bu maqsadli ko‘rsatkichlar ishlab chiqarishga xalal bermagan holda energiya iste’molini samarali tashkil etish orqali muayyan hajmlarni tejashni nazarda tutadi", deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, iste’molchilarni energiya auditidan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, energiya auditi faqat xalqaro standartlarga muvofiq o‘tkaziladi. Audit asosida tashkilot va korxonalar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va ularning ijrosi nazorat qilinadi.
Bu borada shaffoflikni ta’minlash uchun energiya auditi xulosalari va undan keyin erishilgan natijalar yillik biznes-rejalariga kiritilib, kuzatuv kengashida tasdiqlanadi.
Har bir tashkilot rahbarlariga energiya samaradorligi bo‘yicha KPI joriy etiladi.
"Shuningdek, iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganliklari uchun amaldagi tarifga o‘suvchi koeffitsiyentni qo‘llagan holda qayta hisob-kitob qilish, iste’molchilar tomonidan majburiy energiya auditi o‘tkazish natijasida belgilangan chora-tadbirlarni muddatida bajarilmasligi, ushbu chora-tadbirlar bajarilishidan iqtisod qilinishi kutilgan yoqilg‘i-energetika resurslari qiymati miqdorida jarima qo‘llash tartibini joriy qilish masalasi o‘rganilmoqda", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tashkilotlar, hududlar va ko‘chmas mulk ob’ektlari kesimida energiya iste’moli reytingini joriy etish ham taklif qilinmoqda. Bunda Energetika vazirligi tomonidan energiya sig‘imi eng yuqori va eng past bo‘lganlarning “10 taligi” yuritilib, ommaviy axborot vositalarida yoritib boriladi.
Taqdimotda energiyani tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar va uni amalga oshirish choralari atroflicha muhokama qilingan. Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda chuqur va puxta ishlab chiqish, ko‘rsatkichlarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.
Shuningdek, yig‘ilishda joriy yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Prezident mutasaddilarga tayyorgarlik ishlarini hozirdan boshlash va barcha zarur chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, jumladan, elektr va issiqlik stansiyalari uzluksiz va barqaror ishlashi uchun zarur yoqilg‘i resurslari, butlovchi va ehtiyot qismlarning zaxiralarini shakllantirish, energetika infratuzilmasini ta’mirlash va modernizatsiya qilish yuzasidan qator ko‘rsatmalar berdi.
LiveBarchasi