“Nega o‘z yurtimga borolmayman?”. Ukraina madhiyasini kuylagan rossiyalik bloger dardini aytdi
Olam
−
04 Oktabr 2023
11273Rossiyalik bloger Danya Miloxin bir yil avval Ukraina madhiyasini kuylagani sabab Rossiyaga borolmayotgani va ba’zi anglashilmovchiliklar haqida gapirdi. Bu haqda “Gazeta.ru” nashri xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u bir yil avval bloger Artur Babich bilan translyatsiya paytida Ukraina madhiyasidan parcha kuylagani uchun ruslarning nafratiga duchor bo‘lgan. Ammo bloger efir davomida Rossiya madhiyasini ham kuylagani, biroq bunga hech kim e’tibor bermaganini aytgan. Ijtimoiy tarmoqlarda faqat Ukraina madhiyasi ijro etilgan kadrlar joylanib, qolgani kesib tashlanganini qayd etgan.
“Men Rossiya madhiyasidan keyin Ukraina madhiyasini kuylaganman. Avvaliga vatanim haqida kuyladim. Ammo do‘stim Babich men bilan birga edi, u ukrainalik. Va biz ikki qator qo‘shiq kuyladik. Odamlar esa faqat Ukraina madhiyasini kesib olishganiga hayronman”, degan tiktoker.
Miloxin Dubayga jo‘nab ketganida ushbu translyatsiyadan kesib olingan videolar tarqala boshladi. Keyin Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha federal loyiha rahbari Vitaliy Borodin Bosh prokuraturadan Miloxinni xorijiy agent sifatida tan olishni so‘ragan. So‘ng afg‘on faxriysi Roman Jamaluyev Bosh prokuratura va Tergov qo‘mitasiga tiktokerning Rossiyaga kirishini taqiqlash taklifini bildirgan.
8 sentyabr kuni blogerning Instagram'dagi sahifasida Moskvada olingan kadrlar paydo bo‘ldi. Bir necha kundan keyin Xavfsiz Internet ligasi rahbari Yekaterina Mizulina o‘zining Telegram-kanalida Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyatiga Miloxinni urushga safarbar qilish masalasida murojaat qilgan. Shundan so‘ng, bloger darhol Rossiyadan BAAga uchib ketgan.
Miloxin kuylangan madhiyani sharhlar ekan, qilgan ishidan afsusda emasligini aytdi.
Shuningdek, u butun rus xalqiga murojaat qilib, unga nisbatan salbiy munosabatlarning sababini tushunmasligini ma’lum qildi.
“Mendan nafratlanadigan rus xalqiga murojaat qilmoqchiman: men buning sababini tushunmayapman. Men Rossiyada tug‘ilganman, Rossiyada yashaganman. Bu mening mamlakatim. Nega men u yerga borolmayman?”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, Amerikaning “The Killers” guruhi solisti Brendon Flauers Gruziyaning Batumi shahridagi konsertida muxlislarning “rusofobiyasi” sabab kutilmagan vaziyatga duch kelgandi. U ijtimoiy tarmoq orqali muxlislaridan uzr so‘rashga majbur bo‘lgan.
LiveBarchasi