“Neftchi” OCHLdagi g‘alabasi uchun 100 ming dollar ishlab oldi
Sport
−
14:59 1766 2 daqiqa
Farg‘onaning “Neftchi” klubi Osiyo Chempionlar ligasining ochilish uchrashuvidagi g‘alabasi uchun 100 ming dollar mukofot puliga ega bo‘ldi. Bu haqda OFK xabar berdi.
“Neftchi” Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasini g‘alaba bilan boshladi. Farg‘onaliklar birinchi turda Iroqning “Al-Quva” jamoasini qabul qilib, 1:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvdagi yagona golni 83-daqiqada serbiyalik hujumchi Zoran Marushich kiritdi.
G‘alaba uchun “Neftchi” 100 ming dollar mukofot puli hamda 3 ochkoga ega bo‘ldi. Manbaga ko‘ra, klub umumiy bosqichdagi har bir g‘alaba uchun 100 ming dollardan ishlab olishi mumkin.
Farg‘ona klubining Osiyo Chempionlar ligasidagi navbatdagi raqibi Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” jamoasi bo‘ladi. Uchrashuv joriy yilning 12 oktyabr kuni saudiyaliklar maydonida o‘tkaziladi.
O‘zbekistonni musobaqada “Neftchi”dan tashqari Toshkentning “Paxtakor” klubi ham himoya qilmoqda. Bu ikki o‘zbek klubi yangilangan Osiyo Chempionlar ligasining yuqori divizioniga yo‘l olgan tarixdagi ilk holat hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, “Neftchi” 2025 yilgi mavsum yakuniga ko‘ra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Mazkur chempionlik klubga OFK Elite Chempionlar ligasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olish imkonini bergan. “Paxtakor” esa turnirga saralash bosqichi orqali yo‘llanma oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” jamoasi Osiyo Chempionlar ligasi birinchi tur doirasida safarda BAAning “Al-Ayn” jamoasiga 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.
Live
Barchasi