Neft olib ketayotgan Rossiya tankeri ikkiga bo‘linib ketdi (video)
Olam
−
11:16
5582Kecha, 15 dekabr kuni Rossiyaning neft tankerlaridan biri og‘ir bo‘ron vaqtida Kerch bo‘g‘ozida ikkiga bo‘linib ketdi va uning ichidagi neft suvga to‘kildi. Boshqa bir tanker esa zarar ko‘rib, halokatga uchradi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, kemalar Rossiyaning kontinental qismi va 2014 yilda Ukrainadan qo‘shib olingan Qrim orolining o‘rtasidagi Kerch bo‘g‘ozida bo‘lgan, favqulodda holatni e’lon qilgan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati birinchi tankerning halokatida bir kishi vafot etgani, yana 12 kishining evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan.
“Ularning 11 nafari shifoxonaga olib kelingan, 2 nafari og‘ir ahvolda”, deydi Sog‘liqni saqlash vazirining yordamchisi Aleksey Kuznetsov.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ikkinchi kema bilan bog‘lanishga urinayotganini bildirdi. Taxminlarga ko‘ra, kema Taman portiga yaqin bo‘lgan Kerch bo‘g‘ozining janubiy qismidan 80 metr uzoqlikda quruqlikka chiqib qolgan. Vazirlik keyinchalik “Volgoneft 239” kemasining ekipajini evakuatsiya qilish harakatlari yomon ob-havo tufayli to‘xtatilganini yozdi. Vazirlik qutqaruv guruhlari kemaga bog‘lanib, ekipajning hayotini xavf ostiga qo‘ymaydigan barcha zaruriy jihozlar bilan ta’minlanganini ta’kidladi.
Ikki tankerning yuklash quvvati taxminan 4,200 tonna neft mahsulotlariga teng. Rasmiy bayonotlarda to‘kilgan neft miqdori yoki tankerlarning nima sababdan bunday jiddiy zarar ko‘rgani haqida ma’lumot berilmagan.
Prezident Vladimir Putin hukumatga qutqaruv operatsiyasini olib borish va yoqilg‘i to‘kilishining ta’sirini kamaytirish uchun ishchi guruh tashkil etishni buyurgan. Rossiya 50 dan ortiq odam va jihozlar, shu jumladan Mi-8 vertolyotlari va qutqaruv kemalari hududga yuborilganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Kerch bo‘g‘ozi Rossiya uchun muhim eksport yo‘li hisoblanadi, u orqali Rossiya don, neft, yoqilg‘i va siqilgan tabiiy gaz eksport qiladi.
Sentyabrda Ukraina Rossiya ustidan xalqaro sudga murojaat qilib, uni Kerch bo‘g‘ozini yakka nazorat qilishga urinishida ayblagan, ammo Moskva bu da’volarni asossiz deb topgan.
LiveBarchasi