Naymanga suv keldi!
Jamiyat
−
18 iyul 10955 4 daqiqa
Atigi bir kunda Nayman qishlog‘i aholisi muammosi hal etildi. Deyarli hal etildi. QALAMPIR.UZ saytida “Tashna: qarzga suv olib ichayotgan qishloq” sarlavhasi ostida videolavha va maqola e’lon qilingan edi va mana shu videolavha e’lon qilingan kunning ertasigayoq Jizzax viloyati G‘allaorol tumani tegishli davlat organlari xodimlari Nayman qishlog‘iga yetib bordi va aholining muammosiga dastlabki yechimni berdi.
“Marjonbuloq koni suvidan kelgan tarmoq qarzdorlik bo‘yicha uzilgan ekan. Bu qarzdorlikni bartaraf etib, ayrim joylarda quvurlardagi nosozliklar bartaraf etilib, suv keldi. Bir kunda to‘rt-besh soat oqib turadi. Hokimlik, bizning “Jizzax suv ta’minoti” AJ rahbariyati kechasi bilan ham shu yerda bo‘ldi”, dedi “O‘zsuvta’minot” G‘allarol tuman filiali bosh muhandisi Sherzod Abdusalomov.
Gap shundaki, Nayman qishlog‘iga ichimlik suvi tarmog‘i yotqizilmagan. Bir necha yillar oldin “Marjonbuloq” koniga qarashli tarmoqdan aholiga hashar yo‘li bilan shartnoma asosida ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan.
“Nayman qishlog‘ida 200 tadan ziyod xonadonga har oyda 1,5 million so‘m to‘lovi bo‘lgan. O‘sha to‘lov vaqtida to‘lanmagani sababli tarmoqdan uzilgan. Bu mahalla yettiligining hamda bizning aybimiz bilan o‘sha tarmoqdan uzilgan vaqtida tegishli choralar ko‘rilmagan. Ijtimoiy tarmoqqa chiqqandan keyin kamchiliklar, ichimlik suvi tarmog‘idagi nosozliklar bartaraf etilib, ichimlik suvi ta’minlab berildi”, deya tushuntirish berdi G‘allaorol tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akbar Mamarajabov.
Ammo mas’ullar bu vaqtinchalik chora ekanini aytib, yaqin kunlarda masalaga yaxshiroq yechim berilishi, ya’ni har bir ko‘cha, har bir xonadonga ichimlik suvi jo‘mraklari kirib borishini ma’lum qildi.
“15 iyul kuni QALAMPIR.UZ saytida Nayman qishlog‘ining ichimlik suvi bo‘yicha video e’lon qilingan edi. Mana shu kecha-kunduzda suv bilan mahallamiz vaqtincha ta’minlandi. Xudo xohlasa, yuqori tashkilotlarga iltimos qilib qolamiz va kutib qolamiz, mana shu ichimlik suvimiz yaxshi liniyalar bilan tortilib, suv inshootlari qurib berishini kutamiz”, dedi “Mirzabuloq” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Bolbek Xursanov.
Mahalla fuqarolaridan yana biri sho‘r suv ichib yurgan davrlarini eslab, qishloqda suv chiqarilgani uchun rahmat aytdi.
“Sho‘r suv ichib, kasal bo‘lib, qon bosimimiz, buyrak, o‘t, hamma joyimiz kasal bo‘lib, kasaldan boshimiz chiqmayotgan edi. Mana, chiqarsa bo‘lar ekan. Uyda suv tashiydigan bolalar yo‘q, qizlar chiqib ketgan, o‘g‘illar ishda. O‘zim, sog‘lig‘imning mazasi yo‘q. Mana hozir suv chiqdi, degandan yugurib kelyapman. Iloji bor ekan. Shu suvni chiqarib bergan tashkilotlarga, katta rahmat. Iloji bo‘lsa, hamma ko‘cha-ko‘chaga bo‘lsa, bundan ham yaxshi bo‘lardi.
Hozir bu jo‘mrak bizlardan unchalik uzoq emas, bu yerga yaqinroq, lekin qishloqning pastki ko‘chalariga juda uzoq bo‘ladi, qiyin bo‘ladi. Yosh bolasi bor, uyda qari ota-onalar bor, ularga qiyin. Hali ham bizniki yaqinroq”, deydi suv olishga kelgan ayol.
Ma’lum bo‘lishicha, videomaterialdan so‘ng hududga tuman hokimi Jaloliddin Oqboyev, uning bir qator o‘rinbosarlari, “Jizzax suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati rahbari Hamid Hasanov yetib kelgan va aholi vakillari bilan uchrashgan.
“Mas’ullar va’da berdi. Boshqatdan hali tortamiz dedi. “Qorabuloq” suvdan, “Xonaqoh” qishlog‘idagi kottejning suvidan olib beramiz dedi. Hokimning o‘zi ham shu gapni gapirdi ertalab. Tuman hokimi keldi, “Jizzax suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati ekan, shuning boshlig‘i keldi. Tumanniki bari shu yerda, oqshom bilan ish olib borib, suvni chiqarib berdi. Bu jo‘mrakdan qishloqning oxirgi uylarigacha 1,5 kilometr chiqadi. Mana shu yerdan paqirlab, yana shu aravada olib tashiydi. Lekin baribir o‘zimizning qishlog‘imizda suv bo‘ldi. Endi avvalgidek 7 kilometr, 23 kilometr uzoqqa bormaydi, shu suvni ichadi”, dedi qishloq oqsoqoli Akmal Usanov.
Ana, bo‘lar ekan-ku! Aholining muammosi hal etilishi uchun yillar emas, atigi bir kun kifoya ekan-ku! Nima uchun bu muammoning hal etilishi yillar davomida paysalga solib kelingan?
“Hammasi mablag‘ga taqalgan, mablag‘ bilan bog‘liq. Albatta, bu navbat-navbat bilan bo‘ladi. Mana, keyingi yilgi dasturga biz takliflarni berganmiz. Albatta, 2026 yil dasturga kiritganimizda takliflarimizning ichida “Mirzabuloq” qishloq fuqarolar yig‘ini, Nayman qishlog‘ining ichimlik suvi mavjud edi. Hozir viloyat suv-oqova korxonasi bilan bog‘landik. Ular ham o‘sha kamchiliklar bartaraf etilishi uchun keldi. Ularga bugun-erta biz takliflarni taqdim etamiz. Imkon qadar shu joriy yilda o‘sha Nayman qishlog‘ini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash choralarini ko‘rmoqdamiz”, dedi G‘allarol tuman hokimi o‘rinbosari Akram Mamarajabov.
“Jizzax suv ta’minoti” AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda Nayman qishlog‘ining ichki va markaziy 6 ta ko‘chasiga 7,6 km ichki va 2,9 km markaziy quvur tarmog‘ini tortish bo‘yicha loyiha va taklif ishlari yakunlanmoqda. Qurilish-montaj ishlari joriy yil yakuniga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Live
Barchasi