Tashna: qarzga suv ichayotgan qishloq
Jamiyat
−
14 iyul 11901 5 daqiqa
O‘zbekistonning ayrim hududlarida odamlar suvni bir-biridan qarzga oladi yoki ichimlik suvi uchun bir, ikki, uch, hatto o‘n kilometrlab yo‘lni bosib o‘tadi, suv uchun bir-biri bilan janjallashadi, navbat kutib kunni kech qiladi, ichimlik suvi tashiy olmaganlar esa sho‘r suvni ichadi, desak ishonasizmi? Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Nayman qishlog‘i aholisi uzoq yillardan beri mana shunday taqdirga mahkum.
QALAMPIR.UZ o‘z an’analariga sodiq qolgan holda shunday muammo girdobida yashayotgan naymanliklar dardiga quloq tutdi. Aholi vakillarining aytishicha, ular ikki-uch kunda qo‘shni qishloqlarga 6-7 kilometr yo‘l bosib suv tashiydi. Suv tashiy olmaganlar esa chelaklab suv sotib oladi.
“Uzoq, 23 kilometr Tozaurug‘ qishlog‘idan tashiydiganlar, texnikasi borlar boradi. Buyog‘i Moltobga boradi 7 kilometrga, 4,5 kilometrga Uzumzor qishlog‘iga boradi, Xonaqohga boradi 1,5–2 kilometrga. Shuni ham ichganlar ichadi. Iloji yo‘qlari sho‘r suv ichmoqda. Shu muammo, bizni bir necha yildan beri suv muammosi qiynaydi. O‘zimiz bir choynak birovdan olsak, qarzga olamiz. Suv qarzga olinadi bizning qishloqda”, deya o‘z muammosini bayon qildi qishloq oqsoqoli Akmas Usanov.
“Hozir Mo‘llabuloqqa 7-8 kilometrga borib kelyapman. Yaxshiyam bitta ukamning mashinasi bor ekan, shunga idishlarni ortib, Mo‘llabuloqqa borib, shu yerdan suv olib qaytdim. Mana bu yerga yana tushirdim-da, aravaga ortib amallab olib kelyapman. Kranda uch kun suv bo‘lmaydi, deyishyapti. Mo‘llabuloqda suv chiqyapti, lekin kam. Uzumzorda ham o‘zining odamlari ko‘p – baklashkalab suv olib yotibdi. Ertalab soat 7:10 da yo‘lga chiqqan edim. Soat 10 bo‘ldi. Ertalab chiqsak, tush paytgacha yuramiz-da. Endi qiynalganda qaytamiz, suv kerak-ku ”, dedi eshak aravada suv tashiyotgan Mamarajab ota.
Nayman qishlog‘i aholisi yuvinish uchun quduqdan, sho‘r suvdan ishlatadi. Ro‘zg‘or uchun kerakli suv ham deyarli sho‘r suv hisobidan qoplanadi. Faqat ichish va ovqat uchungina olib kelinadigan va asraladigan toza suv esa anqoning urug‘i. Shu sababli ba’zan ichish uchun ham quduqlardagi sho‘r suv ishlatiladi. Buning, albatta, sog‘liqqa ziyoni bor va buyrakda tosh yig‘ilishi kabi turli kasalliklarni keltirib chiqaradi.
“Kasalliklarni keltirib chiqaradi, endi chiqargan bilan majbur-da shu suvni ichishga”, deydi 60 yoshlar atrofidagi Sayyora momo.
Bu, ayniqsa, o‘g‘li va eri chet davlatlarda muhojir bo‘lgan keksalar va yosh bolali ayollar uchun haqiqiy sinovning o‘zi.
“Qishloqda bir-ikkita “muravey” bor, qariyalar ham pensiyasi kelib qolsa, pensiyasidan berib, shularga olib keltirtiradi. Ular sho‘r suv icha olmaydi. Sog‘ligi ko‘tarmaydi”, deya o‘z qishlog‘i odamlarning azaliy tashvishidan so‘z ochdi Yoqub dehqon.
Suvsiz qolgan naymanliklarga boshqa qishloq aholisi imkon qadar yordam berib keladi. Ammo suv tekin emas. Shu sababli ba’zan e’tirozlar ham bo‘lib turadi. Buni qishloq keksalariga suv tashib beruvchi Jamshid Elmurodov hammadan ham ko‘proq biladi.
“E’tirozlar mana Bolg‘ali qishlog‘ida bo‘ladi. Bu Moltobdagi og‘aynilar durust, ular uncha e’tiroz bildirmaydi. Ayollarning ayrimlari gapirmasa, qolganlar uncha gapirmaydi. Bolg‘alidagi ayollarni ham tushunaman. Ularning o‘zlariga ham suv kerak. Ularda suv bir kunda ikki soat chiqadi – ertalab va kechqurun. Mana shu vaqt ichida ular ham o‘zlariga kerakli suvni olishga ulgurishlari kerak”, dedi Elmurodov.
O‘zbekistonning 2030 yilgacha belgilangan davlat dasturiga ko‘ra, kelgusi yillarda mamlakatda 1,8 ming kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari, 77 ta ichimlik va oqova suv inshootlari qurilishi va rekonstruksiya qilinishi mo‘ljallangan. Xo‘sh, ichimlik suvi bilan ta’minlanishi belgilangan hududlar orasida Nayman qishlog‘i ham bormi? Afsuski, yo‘q. Mas’ul shaxsning aytishicha, G‘allaorolda bundan ham og‘ir qishloqlar bor.
“G‘allaorol tumani Nayman qishlog‘ini kelib o‘rganib chiqqanimizda, shu narsa aniq bo‘ldiki, hozir bu qishloqda haqiqatan ham ichimlik suvi mavjud emas. Aholisi tashib ichish bilan shug‘ullangan. Qishloqning oltita ko‘chasi, 1600 xonadoni bor ekan. Suv bo‘yicha biz takliflarni beryapmiz. Lekin shu bugungi kunda bundanda og‘ir hududlarimiz bor. Og‘ir hududlarimizning ichiga imkon boricha kirib, suv bilan ta’minlash chorasini ko‘ramiz”, dedi “O‘zsuvta’minot” G‘allaorol tuman filiali bosh muhandisi Sherzod Abdusalomov.
Lekin bu ishlar 34 yildan beri amalga oshirilmagan. 34 yildan beri aholi oddiygina ichimlik suvini umuman uzoq hududlardan tashib iste’mol qiladi. Bu tashkilot uchun muammoni hal qilishga yetarli muddat emasmi?
“34 yil... Bizning tashkilotgacha mana yaqin bir yil, o‘tgan yili, mana shu yillarga kelib murojaatlar kelib tushyapti. Ular shu vaqtgacha o‘zlarining... Qanday desam ekan, bu yer tagidagi suvi sho‘rlashish jarayoni sababli ichimlik suvi tanqisligi yuzaga kelgan shu paytgacha. Endi ichimlik suviga muhtoj bo‘lgani uchun murojaatlarimiz ko‘paydi. Shu murojaatlarga asosan takliflarimizni berib, suv tortish choralarini ko‘ryapmiz”, dedi u.
“O‘zsuvta’minot” mas’uli Nayman qishlog‘i aholisining ichimlik suvi bilan bog‘liq muammosi bartaraf etilishi haqida aniq va’da bermay, faqatgina harakat qilamiz, degan gap bilan cheklandi. “Qachon bu hudud suv bilan ta’minlanadi? Qaysi yili?”, degan savolga Sherzod Abdusalomov quyidagicha javob berdi:
“Bu bo‘yicha taklif beramiz. Asosiy taklifimiz tasdiqdan o‘tsa, chorasi ko‘rib chiqilgandan keyin. Uch yillik taklifni oldindan beramiz, shunga qarab qo‘yiladi”.
Ammo aholi, odamlarning ko‘pchiligi bu yechimlarga unchalik ishonmayapti. Ular davlat dasturidan umid qilmoqda. Bu aholi uchun eng maqbul yechim, faqat amalga oshsa.
Qishloq oqsoqolining ma’lum qilishicha, muammo bo‘yicha tuman hokimiga bir necha bor murojaat qilingan. Ammo yig‘ilishlarda “Bo‘ladi, bo‘ladi”, faqat “bo‘ladi”dan boshqa hech gap bo‘lmagan, hech kim kelmagan, hech kim uchramagan ham.
Tumanni esa naq 5 yildan beri, ya’ni 2018 yildan beri Jaloliddin Oqboyev boshqarib keladi.
Bu muddat ichida Oqboyev qishloqlardagi muammolarga, ayniqsa, ichimlik suvi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarga yechim topishi mumkin edi. Ammo nima uchun qishloqlar uzoq yillardan beri ichimlik suvi muammosi bilan yashashga majbur bo‘lyapti?
“Odamlar bundan keyin ham yashayveradi. Mana davlat dasturiga qancha narsalar kirib kelyapti, boshqa qilyapti. Shunday eshitdim, odamlar shundan kelib qolar ekan deyapti. Bo‘lmasa, odamlar bundan keyin ham yashaydi, avval ham yashagan. Faqat qiyin. Ha, faqat qiyin”, dedi Mamarajab ota.
Live
Barchasi