Navoiyda sifatsiz qurilgan “dom” mualliflariga qanday chora ko‘rildi?
Jamiyat
−
16 mart 2023
9628Navoiy viloyati Zarafshon shahrida qurilayotgan 12 qavatli turar-joy binosining holati aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarida ob’ektning yig‘ma temir-beton konstruksiyalar asosida ramali tipda qurilishi ko‘zda tutilgan. Tashqi tomondan to‘ldiruvchi sifatida gazoblok qurilish materialidan foydalanish ko‘rsatilgan.
Aynan videolavhada aks etgan gazoblok to‘ldiruvchi materialining asosga mahkamlanish tartibi loyiha hujjatlarida ko‘rsatilmaganligi, bog‘lash, mustahkamlash chizmalari va qirqimlari loyihaga aniq kiritilmaganligi sababli, Navoiy viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan “ToshuyjoyLITI” AJ Navoiy filiali mas’ul xodimi J.Rustamovga, gazoblok materialining normativ talablarga zid ravishda montaj qilinishi bo‘yicha “Zarafshon Golden Grup” MCHJ mas’ul xodimi A.Xojiyevga, shuningdek, qurilish-pudrat va loyiha tashkilotining tegishli vakillariga ham takroriy ravishda MJtKning 99-moddasi tegishli qismlariga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
“Sifatsiz bajarilgan gazoblok terish ishlari 15 kun avval hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan aniqlanib, joyida buzdirib tashlangan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunga qadar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan ushbu ob’ekt bo‘yicha 135 marta monitoring ishlari o‘tkazilib, aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan 32 ta ko‘rsatma berilgan. Aniqlangan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmaganligi, shuningdek, qurilish-montaj ishlarida loyihadan chetlanish va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli inspeksiya tomonidan buyurtmachining texnik, qurilish pudrat tashkilotining ichki va loyiha tashkilotining mualliflik nazorati bo‘yicha mas’ullarga nisbatan 5 marta O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasi tegishli qismlariga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
LiveBarchasi