Navoiyda qurilayotgan sport binosining tomi qulab tushdimi?
Jamiyat
−
16 yanvar 2021
6241Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatida qurilayotgan sport inshootining tom qismi qulab tushgani va ushbu qurilish mahsuloti Navoiy viloyatida ishlab chiqarilgani aytilgan video tarqaldi. “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Navoiy viloyati hokimligi bilan o‘rganishlar olib borgan.
Unga ko‘ra, bugungi kunda Navoiy viloyatida beton plitalar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qurilish ob’ektlariga yetkazilib berilayotgan ushbu turdagi mahsulot belgilari videolavhada aks etgan mahsulotga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Bugungi kunda Navoiy viloyati hududlarida videolavhada bayon etilgan bino qurilishi mavjud emas va sanoat korxonalari tomonidan bu ko‘rinishdagi beton mahsuloti yetkazib berilmagan.
Avvalroq Jizzaxda yangi qurilgan ko‘p qavatli bino qulab tushgani haqida xabar bergan edik. Binoning qulab tushishi sabablarini o‘rganish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzilgan. Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan komissiyaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarlik qilishi belgilab qo‘yilgandi.
Shuningdek, binoning qulash sabablarini aniqlash borasida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilayotgandi.
Keyinchalik, Jizzaxda qulab tushgan binoni chorvador fermer qurayotgan bo‘lgani aniqlandi.
Shundan so‘ng, Jizzaxda qulagan bino mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi