Navoiyda chempion fuqaroni bir urib, “uxlatib” qo‘ydimi? (video)
3-sahifa
−
02 Sentabr 19948 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahrida Olimpiada chempioni bir fuqaroni urib, tan jarohati yetkazgani haqida xabarlar tarqaldi. Videoda “Prezident sovg‘asi” deb yozilgan avtomobil yonida bir yigit boshqasiga bir musht tushirib, yiqitgani aks etgan. Holat yuzasidan Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat Navoiy viloyati IIB tomonidan o‘rganildi. Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 22 avgust kuni tunggi soat 2:00 larda Navoiy shahar “Ziyokor” mahallasi hududida sodir etilgan bo‘lib, Karmana tumanida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan S.A. mazkur mahalla hududida joylashgan restoranlarning biriga o‘ziga yaqindan tanish bo‘lgan fuqarolar bilan ovqatlanish uchun borgan. Yakunda fuqaro S.A. to‘lovni amalga oshirgan va yetmay qolgan ma’lum miqdordagi pul mablag‘ini avtomashinadan olib berish uchun tashqariga chiqqan vaqtida mazkur restoranda ishlovchi 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro M.U. uning oldiga borib, qolgan to‘lov pulini ham amalga oshirishini so‘ragan.
S.A. spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan va o‘zaro og‘zaki tortishib qolib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, o‘ziga oldindan tanish bo‘lmagan fuqaro M.U.ni hech bir sabablarsiz qo‘li bilan yuz sohasiga urib, tan jarohati yetkazgan.
“Surishtiruvlar davomida gumonlanuvchi fuqaro S.A. olimpiada chempioni emasligi, o‘sha kuni restoranga 1995 yilda tug‘ilgan disk uloqtirish bo‘yicha ikki karra Paraolimpiada chempioni, fuqaro E.S. bilan birgalikda uning avtomashinasida borganligi, o‘zaro tortishuv kelib chiqqan jarayonda fuqaro E.S. avtomashina salonida bo‘lgani va holatga keyinchalik aralashib, fuqaro S.A.ni tinchlantirishga harakat qilganligi hamda jabrlanuvchi fuqaroga tezkorlik bilan yordam ko‘rsatganligi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi IIB munosabatida.
Bildirilishicha, holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumonlanuvchi S.A. protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Andijon viloyatining Asaka tumanida bir guruh shaxslar janjallashgani va unda ikki erkakning jiddiy jarohat olgani, do‘pposlagan shaxslar atrofdagilarning qarshiligi va nasihat qilishiga qaramay, yerda xushsiz yotgan jabrlanuvchilarni qayta va qayta urgani, tepgani va ushbu xatti-harakatini videoga olgani aks etgan tasvirlar tarqalgandi. Ayni shu holat sodir bo‘layotgan vaqtda esa atrofda Ichki ishlar xodimi formasidagi shaxs ham bo‘lgani videoda aks etgan.
Live
Barchasi