Navoiyda 2,1 mlrd so‘mlik oltinni o‘g‘irlashga uringan zavod ishchilari ushlandi
3-sahifa
−
17 may
8144Navoiy viloyatida joylashgan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli 3-sonli gidrometallurgiya zavodida faoliyat yurituvchi 2 nafar smena ustasi va 1 nafar bo‘linma apparatchisi qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ular oson boylik orttirish niyatida o‘zaro oldindan til biriktirgan. Ular kelgusida talon-toroj qilish maqsadida tarkibida ko‘p miqdorda oltin moddasi mavjud bo‘lgan og‘irligi 2 kilogramm yarim tayyor mahsulotni zavod ichidagi havo tozalash quvuriga yashirib qo‘ygan. DXXning Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxslarning noqonuniy harakatlariga nuqta qo‘yildi.
Tegishli xulosaga ko‘ra, mazkur yarim tayyor mahsulot tarkibida jami 1 kilogramm 523 gramm sof oltin borligi aniqlanib, uning bahosi 2 milliard 102 million so‘mni tashkil etadi.
Holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 169-moddasi (o‘g‘rilik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida fermer xo‘jaligi balansidagi 16,9 gektar yerni 56 ming dollarga sotishga uringan fermer xo‘jaligi rahbari qo‘lga tushgandi.
LiveBarchasi