Navoiyda hamshira bemorni kaltaklagani aytilmoqda. SSV holatga izoh berdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Kecha, 19 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Karmana tumanidagi shifoxonalardan birida tibbiyot xodimi va shifokor qabuliga kelgan bemor o‘rtasida yuz bergan tortishuv aks etgan videolavha tarqaldi.

Mazkur holat Navoiy viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan shu kunning o‘zidayoq nazoratga olinib, o‘rganishlar olib borildi.

Aniqlanishicha, 2021 yil 18 oktyabr kuni Karmana tumani Talqoq 2-dahasida yashovchi fuqaro T.T. tuman markaziy shifoxonasining qabul bo‘limiga kelib, yuragi bezovta qilayotgani, shu bois, ushbu muassasaning shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida davolanmoqchi ekanini ma’lum qilgan.

Markazning shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi shifokori Toshev Akbar bemorni darhol tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, unga ahvoli qoniqarli ekani va umumiy holati shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yotish uchun belgilangan ko‘rsatmalarga to‘g‘ri kelmasligini aytgan. Biroq, fuqaro T.T. shifokorning so‘zlariga qat’iy e’tiroz bildirib, uni haqiqatga mos kelmaydigan so‘zlar bilan ayblay boshlagan.

Shundan so‘ng, Karmana tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari I. Nodirov, bosh kardiolog A. Toshev, bosh terapevt J. Mardonov, nevrolog N. Salomov va qabul bo‘limi mudiri, kardiolog N. Nurmatova tomonidan bemor konsilium qilingan. Tekshirish davomida unga yana bir bor shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida davolanish uchun zarurat yo‘qligi, umumiy holati ushbu bo‘limda davolanish uchun belgilangan standartlarga to‘g‘ri kelmasligi tushuntirilgan va kasallik tarixiga tekshirish natijalari qayd etilgan.

Qolaversa, bemorga rejali kardiologiya bo‘limidan joy hozirlanib, zarur dori vositalari bilan ta’minlanishi aytilgan, biroq u bunga rozi bo‘lmasdan, shifokorlar ustidan shikoyat qilishini aytgan. So‘ng shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga kirib, qo‘l telefoni orqali muassasani tasvirga tushira boshlagan.

Bu holatga guvoh bo‘lgan markaz hamshirasi M. Hamroyeva uning bu xatti-harakatlariga e’tiroz bildirib, T.T.ning qo‘l telefonini olib qo‘yishga harakat qilgan. Biroq, bemorga hech qanday qo‘l ko‘tarmagan.

Shunday bo‘lsa-da, bemor bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgani, sog‘liqni saqlash tizimi xodimiga munosib bo‘lmagan harakatlarni sodir etgani, bemor bilan muloqot qilish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani uchun hamshira M. Hamroyeva qat’iy ogohlantirilgan.

Ayni paytda T.T. tuman tibbiyot birlashmasi kardiologiya bo‘limida rejali ravishda kerakli davo muolajalarini olmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy

Baholaganlar

504

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing