Navalniyning o‘limi Kiyevga yordamni oshirishga sabab bo‘lmoqda – Stoltenberg
Olam
−
22 fevral
4529NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning fikricha, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limi va Ukraina Qurolli kuchlarining Avdeyevkadan chekinishi Shimoliy Atlantika alyansi va uning ittifoqchilari e’tiborini Rossiyaga harbiy yordamni kuchaytirish zarurligiga qaratishi kerak. Bu haqda u kecha, 21 fevral kuni Bryusselda “Ozod Yevropa” radiosiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Ishonchim komilki, Navalniy xotirasini hurmat qilishning eng yaxshi usuli bu Putinning jang maydonida g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik, Ukrainaning ustunligini ta’minlashdir”, deydi Stoltenberg.
NATO Bosh kotibining aytishicha, bir necha oy davom etgan shiddatli janglardan so‘ng Ukraina qo‘shinlarining Avdeyevkadan olib chiqilishi Ukrainaga bundan ham ko‘proq harbiy yordam kerakligini, Navalniyning koloniyada o‘lgani va uning o‘limi holatlarini o‘rganishning kechikishi esa “Kreml rejimining avtoritar tabiati”ga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligidan dalolat beradi.
Stoltenbergning ta’kidlashicha, AQSHning Ukrainaga 61 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqlash Kongress Vakillar palatasida kechikayotgan bir paytda, boshqa davlatlar, jumladan, Shvetsiya, Kanada va Yaponiya ham Kiyevni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Biroq, NATO Bosh kotibi Ukraina deyarli ikki yildan beri yetkazib berilishini kutayotgan F-16 qiruvchi samolyotlarini aynan qachon Ukraina Qurolli kuchlari qabul qilishi mumkinligi haqidagi savolga javob bermadi.
U yana bir bor Kiyevning barcha ittifoqchilari F-16 samolyotlarini imkon qadar tezroq Ukrainada ko‘rishni xohlashlarini aytdi, biroq uchuvchilar va mexaniklarni tayyorlashga ham e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.
“Mumkin bo‘lgan yetkazib berish muddatiga kelsak, bu haqda harbiy ekspertlardan so‘ragan ma’qul”, deya xulosa qildi Yens Stoltenberg.
LiveBarchasi