Navalniyning izdoshlari ayyorona usul bilan olomonni namoyishga chaqirmoqda
Olam
−
25 mart 2021
9310Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning jamoasi yangi norozilik namoyishlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Buning uchun muxolifat “Navalniyga ozodlik“ nomli maxsus veb-sayt ochdi. Ushbu saytda mitinglarda qatnashish istagini bildirib, 500 ming kishi ro‘yxatdan o‘tganda namoyishlar boshlanadi.
“500 ming kishi namoyishda qatnashishga tayyorligini bildirib, ushbu veb-saytda ro‘yxatdan o‘tsa, mitinglar boshlanishini e’lon qilamiz“, deyiladi maxsus saytda.
Shuningdek, saytda Putin Navalniyni o‘ldirishga uringani haqida so‘z boradi.
“Putin Navalniyni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Ammo Aleksey omon qoldi. Keyin Putin uni qamoqqa tashladi. Agar siz korrupsiya, repressiya va siyosiy suiqasdlarga qarshi bo‘lsangiz, biz bilan birga Alekseyni ozod qilish uchun harakat qiling. Bunga erishishning asosiy usuli ko‘cha mitinglaridir“, deyiladi veb-saytda.
Ushbu saytda interaktiv xarita mavjud bo‘lib, unda qaysi shahardan qancha odam namoyishga chiqishga tayyorligi haqida ma’lumot berilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KQF) direktori Ivan Jdanovning aytishicha, ular mitingga haqiqatan 500 ming kishi keladi, deb kutmoqda. Navalniy shtab-kvartirasi rahbari Leonid Volkov esa aksiyada ro‘yxatdan o‘tgandan ko‘ra ko‘proq odam qatnashishiga ishonmoqda.
“Kimdir ro‘yxatdan o‘tadi, lekin [namoyishga] chiqmaydi, kimdir chiqadi, lekin yozilmaydi. Umid qilamizki, odamlar ortig‘i bilan ro‘yxatdan o‘tadi. Biz Navalniy uchun mitingga haqiqatan 500 ming kishi chiqadi, deb kutmoqdamiz“, deydi KQF direktori Ivan Jdanov.
Ma’lum bo‘lishicha, “Navalniyga ozodlik!“ targ‘ibot veb-saytida allaqachon, 250 mingga yaqin kishi ro‘yxatdan o‘tgan. Siyosatchining jamoasi 11 mingdan ziyod ro‘yxatdan o‘tgan botlarni o‘chirib tashlagan. Ro‘yxatdan o‘tganlarning katta qismi Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari hamda Moskva, Sverdlovsk viloyatlari va Krasnodar o‘lkasiga to‘g‘ri keladi.
So‘nggi marta Navalniy jamoasi 14 fevral kuni “Sevgi qo‘rquvdan kuchli” shiori ostida fleshmob o‘tkazgan edi. Panjara ortida qolayotgan Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan aksiyada juda kam sonli ishtirokchi qatnashgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya muxolifati rahbari hamda Putinning ashaddiy tanqidchisi hisoblangan Navalniy joriy yilning yanvar oyida Vataniga qaytishi bilanoq hibsga olindi va keyinrok 2,5 yilga qamaldi.
Muxolifatchiga nisbatan 2 marta sud huqmi o‘qilgan: Moskvaning Simonovsk sudi Aleksey Navalniyning “Iv Roshe” ishi bo‘yicha shartli hukmini haqiqiy jazo bilan almashtirdi va u 2,5 yilni koloniyada o‘tkazadigan bo‘ldi, shuningdek, sud Ikkinchi Jahon urushi faxriysiga qarshi tuhmat holati bo‘yicha Navalniyga 850 ming rubl miqdorida jarima ham soldi.
LiveBarchasi