Navalniyga 20 yillik qamoq jazosi so‘raldi

Olam

image

Rossiyada prokurorlar muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyni ekstremizmga oid yangi jinoiy ish bo‘yicha maxsus rejimli koloniyada 20 yilga ozodlikdan mahrum etishni talab qildi. Bu haqda Moskva shahar sudining navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Siyosatchi mamlakat Jinoyat kodeksining birdaniga olti moddasi – ekstremistik jamiyatni tashkil etish va moliyalashtirish, ekstremizmga chaqirish, natsizmni reabilitatsiya qilish va voyaga etmaganlarni xavfli harakatlarga jalb qilishda ayblanmoqda. Terrorizm moddasi alohida ish sifatida ajratilgan.

Ish Navalniy asos solgan, prokuratura talabiga binoan 2021 yilda ekstremistik deb tan olingan va Rossiyada faoliyati taqiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurash” fondi bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, prokuratura ish bo‘yicha ikkinchi ayblanuvchi, Navalniyning YouTube loyihasining texnik direktori Daniel Xolodniy uchun 10 yillik qattiq tartibli koloniyada o‘tashni so‘ragan.

Hukm shu yilning 4 avgust kuni e’lon qilinadi.

Ma’lumot uchun, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy 2020 yilning 20 avgustida Rossiyaning Tomsk shahrida zaharlanganidan so‘ng, Germaniyada 4 oy davolanib, 2021 yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va darhol hibsga olindi.

Keyinroq “Iv Roshe” ishi bo‘yicha sud qilingan muxolifatchi 3,5 yilga qamaldi. O‘lishiga bir bahya qolgan Navalniyning o‘zi bir qator intervyu va chiqishlarida joniga suiqasd qilinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinni ayblagan.

2021 yilning 19 yanvar kuni Navalniy tomonidan tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi “Putinning qasri” haqidagi filmni e’lon qildi. U 100 million martadan ortiq tomosha qilindi, ijtimoiy tarmoqlar esa shu mavzudagi memlarga to‘lib ketdi. Hukumat uning qasr emas, apart-mehmonxona ekanligini va unga Putin emas, balki uning do‘sti Arkadiy Rotenberg egalik qilishini ma’lum qildi.

Moskvaning Simonov tumanlararo sudi 2 fevralda Navalniyni “Iv Roshe” ishi bo‘yicha aybdor deb topib, uning jazoni koloniyada o‘tashi haqida qaror chiqargandi. Moskva shahar sudi 20 fevralda qarorni qonuniy deb topdi va sud hukmi kuchga kirdi. 

Keyinroq muxolifatchiga nisbatan yana bir jinoiy ish ochilgan. 2022 yilning mart oyida u o‘ta katta miqdordagi firibgarlik va sudga hurmatsizlik moddalari bo‘yicha 9 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilingan. 

Rossiyada 2022 yil oktyabr oyida Aleksey Navalniy va uning qator sheriklariga qarshi ekstremizm bo‘yicha jinoiy ish ochilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Aleksey Naval'niy qamoq jazosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing