Navalniy ekstremizm ishi bo‘yicha 19 yilga qamaldi

Olam

image

Rossiyadagi muxolifatchi Aleksey Navalniy ekstremistik jamiyat tashkil qilganlikda ayblanib, 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Moskva shahar sudining sayyor majlisi Navalniy avvalgi ish bo‘yicha jazoni o‘tayotgan Vladimir viloyatidagi 6-axloq tuzatish koloniyasida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Aytilishicha, hukmni e’lon qilish, shuningdek, ish bo‘yicha sud majlislari iyun oyining o‘rtalaridan boshlab, yopiq eshiklar ortida o‘tgan. Hukm e’lon qilinishidan ikki hafta oldin Navalniy jazo kamerasiga jo‘natilgan.

Prokuror muxolifatchini qattiq rejimdagi koloniyada 20 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan. Navalniyga 7 ta ayblov qo‘yilgan:

  • o‘z mansab mavqeyidan foydalangan holda ekstremistik jamiyat tuzish;
  • ekstremizmga da’vat qilish;
  • xizmat mavqeyidan foydalangan holda ekstremistik faoliyatni moliyalashtirish;
  • ekstremistik faoliyatga ommaviy chaqiriqlar, shu jumladan ommaviy axborot vositalari yoki internetdan foydalanish;
  • voyaga yetmagan shaxsni o‘z hayoti uchun xavfli harakatlarni sodir etishga jalb qilish;
  • natsizmni reabilitatsiya qilish, shu jumladan harbiy shon-sharaf kunlari, faxriylarni tahqirlash yoki vatan himoyachilari xotirasini haqorat qilish to‘g‘risida "jamiyatga aniq hurmatsizlikni ifodalovchi" ma’lumotlarni tarqatish;
  • fuqarolarning shaxsiyati va huquqlarini buzuvchi nodavlat notijorat tashkilotini yaratish.

Shuningdek, “Navalniy Live” You-Tube kanalining sobiq texnik direktori Daniel Xolodniy ham o‘z mansab mavqeyidan foydalangan holda ekstremistik hamjamiyat yaratish va ekstremistik faoliyatni moliyalashda ayblangan. Unga ham o‘n yillik qamoq jazosi so‘ralgan. Biroq sud tomonidan unga qancha muddat berilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Nega Navalniy sudlandi?

Navalniyga qarshi 2021 yil sentyabrida ekstremistik jamoa tuzish va unga rahbarlik qilish bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Gap Navalniy tomonidan asos solingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi haqida ketmoqda. 2022 yil oktyabr oyida Navalniy ekstremizmga ommaviy chaqiriqlar, ekstremistik faoliyatni moliyalashtirish va natsizmni reabilitatsiya qilish haqidagi moddalar bo‘yicha ham tergov olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Tergov qo‘mitasi Korrupsiyaga qarshi kurash fondini "Rossiya Federatsiyasida konstitutsiyaviy tuzum asoslarini o‘zgartirish, Rossiya Federatsiyasining jamoat xavfsizligi va davlat yaxlitligiga putur yetkazishga qaratilgan ekstremistik faoliyatni amalga oshirish maqsadida" tashkil etilgan deb hisoblagan. Tergovchilarning ta’kidlashicha, fond faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun jamg‘armalar va tijorat tashkilotlari, shuningdek, Navalniy shtab-kvartirasi jamoat harakati tashkil etilgan. Jamiyatning vazifalari “davlat organlarini obro‘sizlantirish, hududlardagi vaziyatni beqarorlashtirish, aholi o‘rtasida norozilik kayfiyatini shakllantirish va hokimiyatni zo‘ravonlik bilan almashtirish zarurligi to‘g‘risida jamoatchilik fikrini shakllantirishdan iborat”, degan xulosaga kelingan. 

Navalniy barcha ayblovlarni rad etib, ishni siyosiy deb atagan.

Ma’lumot uchun, Aleksey Navalniy 2021 yilning fevralidan beri qamoqda. Keyin u Iv Roshe ishi bo‘yicha shartli qamoq jazosi bilan almashtirilgan. U 2023 yilning yozida ozod etilishi kerak edi, biroq 2022 yil iyun oyida firibgarlik ishi bo‘yicha yangi hukm kuchga kirgan. Unda Navalniy to‘qqiz yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilingan. Bundan tashqari, joriy yilning aprel oyida Navalniy o‘ziga qarshi yangi ish ochilganini, bu safar terrorizmga oid jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan. Bu ish harbiy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Naval'niy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing