Navalnaya Putinni prezident sifatida tan olmaslikka chaqirdi
Olam
−
13 mart
8031O‘tgan oy Rossiya qamoqxonasida vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya G‘arb davlatlarini yaqinda Rossiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijalarini tan olmaslikka va Vladimir Putinni Rossiyaning beshinchi muddatga saylanadigan Prezidenti sifatida qabul qilmaslikka chaqirdi. Bu haqda u bugun, 13 mart kuni “The Washington Post” gazetasida chop etilgan maqolasida yozdi.
"Dunyo nihoyat tan olishi kerakki, Putin o‘zi ko‘rinishni istagandek shaxs emas. U zolim, urush jinoyatchisi va qotildir", deydi Navalnaya.
“The Washington Post” gazetasidagi maqola “Putin siyosatchi emas, balki bandit” deb nomlangan. U Navalniy Rossiyada prezidentlik saylovlariga bir oy qolganda “Putinning bevosita buyrug‘i bilan” koloniyada o‘ldirilgani haqidagi ta’kid bilan boshlanadi. Yuliya Navalnayaning yozishicha, uning eri ko‘p yillar davomida Rossiya Prezidentining maqsadi haqida gapirib kelgan va endi u muxolifatchining asosiy fikrlarini takrorlamoqchi.
Navalnayaning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbdagi ko‘plab siyosatchilar Putinni qonuniy siyosiy lider deb hisoblashda yanglishmoqda.
“U o‘z atrofidagilar kabi bandit va hokimiyatni faqat o‘z boyligi uchun egallab olgan va ushlab turibdi. Putinni mafiya guruhi rahbari sifatida ko‘ring", deb yozadi Navalnaya.
Uning fikricha, agar uning maqomi shubha ostiga olinsa, Putin mag‘lub bo‘lishi yoki “jazolanishi” mumkin va Putinning qonuniy Prezident sifatida tan olinmasligi Rossiyadagi fuqarolik jamiyati va elitasi uchun muhim signal bo‘ladi.
Navalnayaning yana bir taklifi – Putinning yaqin sheriklariga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish va Rossiya rasmiylarining minglab vakillari yoki ular bilan aloqador shaxslarga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etish. Navalnaya, shuningdek, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi va Ukrainadagi mag‘lubiyatning o‘zi ham Putinning qulashiga olib kelmasligini ta’kidlaydi. Shuning uchun, uning fikricha, Rossiyaning o‘zida ham Putinga qarshi kuchlarni qo‘llab-quvvatlash muhim.
Uning ta’kidlashicha, hatto repressiyalarga qaramay, Rossiyada ko‘pchilik Putin va urushga qarshi turishda davom etmoqda. Navalnaya erining rossiyaliklarga so‘nggi chaqirig‘i 17 mart kuni bo‘lib o‘tadigan “Putinga qarshi” mitingida qatnashish bo‘lganini ta’kidladi.
“Soxta saylovlar natijalarini tan olmanglar, Putinni qonuniy Prezident sifatida tan olmanglar”, deb yozadi u.
Ma’lumot uchun, Navalnaya va muxolifatchining sheriklari Putinni Aleksey Navalniyni o‘ldirishda ayblagan edi. Xususan, ular Navalniy koloniyada uning almashinuvini buzish uchun o‘ldirilganini da’vo qilgan. Buning to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillari hali taqdim etilmagan. Rossiya rasmiylari ilgari turli siyosiy ayblar bilan uzoq muddatga qamalgan Navalniy tabiiy sabablar tufayli vafot etganini da’vo qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navalnaya Yevropa parlamentida ham xuddi shunday chaqiriq bilan chiqqan edi.
LiveBarchasi