Qur’onni yoqqan provakator o‘limi, Jo‘loniyning Putinga talabi, elitalarning millatchilikka moyillashuvi – Hafta tahlili

Tahlil

AQSHda boshlangan qattiqlashtirilgan migratsiya siyosati shamoli Germaniyada esish arafasida. Bu dunyoning qudratli davlatlarida o‘ng millatchilar asta-sekin ta’sir doirasini kengaytirayotganidan dalolatmi degan savolni kun tartibiga qo‘ymoqda. Suriyada esa Jo‘loniy prezident deb e’lon qilindi. Endi u rasman Suriyaning yangi rahbari hisoblanadi. Mamlakatda davlat ramzlaridan tortib konstitutsiya, mudofaa va boshqa qator sohalar tubdan reforma qilinishi ta’kidlandi. O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida byurokratik to‘siqlar omili bilan kartoshka chirib qolgan paytda, rasmiy Toshkent, Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida transport va iqtisodiy masalalarda Anqara deklaratsiyasi imzolanishi turkiy davlatlar integratsiyasida yana bir katta qadam bo‘ldi.

Millatchilar “otni egarlayapti”. Bu natsizmning qaytishimi?

AQSHda juda qattiq rejimda amalga oshirilayotgan deportatsiya siyosati o‘zining yangi qirralarini namoyon qilishda davom etyapti. Prezident Donald Tramp AQSH xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan 30 ming noqonuniy muhojirni Kuba hududidagi Guantanamo harbiy bazasiga jo‘natishini aytdi. U Mudofaa va Ichki xavfsizlik vazirliklariga Guantanamo bazasida 30 ming nafar odamni joylashtirish uchun infratuzilmani tayyorlashni boshlash bo‘yicha ko‘rsatma beruvchi farmon imzolashini ma’lum qilib, bu yerda shuncha mahbusni saqlash uchun joylar mavjudligini aytdi. Guantanamoning tarixi esa bevosita 2001 yil 11 sentyabrda AQSHda yuz bergan teraktga borib taqaladi. Kubadan ijaraga olinib, AQSH dengiz kuchlariga xizmat qilinishi ko‘zda tutilgan bu bazada 2002 yilda terrorchilikda ayblangan mahbuslar saqlanadigan lager barpo etiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 48 davlatdan 780 nafar shu kabi mahbuslar ushlab turilgan, keyinchalik ularning 756 nafari boshqa joylarga ko‘chirilgan. Bundan tashqari, Guantanamoda 9 nafar mahbus hibsdalik paytida vafot etgan va ayni damda bu yerda bor-yo‘g‘i 15 mahbus saqlanayotgani aytiladi. Bu hibsxona inson huquqlarining toptalishi, qiynoqlar va boshqa ko‘plab ayblovlar bilan tanilgan. Shuning uchun 30 ming noqonuniy muhojirni Guantanamoda saqlashni rejalashtirilishi Tramp deportatsiyasi endilikda rostmanasiga shafqatsiz ko‘rinish olganini bildiradi. Trampning noqonuniy muhojirlar ishiga bunday yondashishi uning manziliga yuqori doiralardan millatchilik bilan bog‘liq noroziliklar yog‘ilishiga olib keldi. Xususan, Kolumbiya Prezidenti bu borada Trampni qattiq tanqid qilib, uni o‘tmishdagi “oq tanli quldor”larga tenglashtirgandi. Albatta, Gustavo Petroning bu e’tirozi kolumbiyaliklarning xuddi jinoyatchi kabi AQSHdan ikki harbiy samolyotga ortilib, Kolumbiyaga jo‘natilishi ortidan yangragandi. O‘zi busiz Ilon Maskning so‘nggi paytlardagi xunuk harakatlari oqibatida Trampning yangi ma’muriyatiga nisbatan shubhalar uyg‘onyapti. Bu Maskning omma oldida natsistik “ziga” ishorasini ochiqdan ochiq ko‘rsatgani ortidan yanada kuchaydi.

Migratsiya bilan bog‘liq ulkan cheklovlar faqatgina AQSH bilan chegaralanib qolmayapti. Dunyoning yana bir yirik iqtisodiyoti Germaniyada ham muxolifat migratsiya siyosatini tubdan qat’iylashtirishga qaratilgan rezolyutsiyaning qabul qilinishiga erishdi. Bundestag deputatlarining ko‘pchiligi Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-sotsial ittifoqi (XDI/XSI) bloki tomonidan ilgari surilgan tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Hujjat doimiy chegara nazoratini qayta joriy etish, boshpana berishdan chegaraning o‘zidayoq voz kechish imkoniyati va deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan chet elliklarni hibsga olish choralarini o‘z ichiga oladi. Muxolifat blogining bunday tashabbus bilan chiqishiga ortda qolgan kunlar davomida muhojirlar tomonidan mamlakat hududida sodir etilgan qator shov-shuvli jinoyatlar sabab bo‘lgan. Masalan, joriy yil 22 yanvar kuni Bavariyaning Ashaffenburg shahrida 28 yoshli afg‘onistonlik shaxs mamlakatda bo‘lish huquqiga ega bo‘lmagan holda ko‘chada odamlarga pichoq bilan hujum qilgan. Hujum oqibatida ikki yoshli bola va 41 yoshli erkak halok bo‘ldi, yana uch kishi, jumladan bir bola jarohat oldi. Bundan bir oy oldin, 2024 yil 20 dekabr kuni Magdeburg shahrida terakt sodir bo‘ldi: bir avtomobil katta tezlikda Rojdestvo yarmarkasidagi olomon ustiga yopirildi. Hodisa oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, 200 dan ortiq odam jarohat oldi. Hujum qilgan shaxs Saudiya Arabistonidan kelgan 50 yoshli qochqin bo‘lib, u Germaniyada boshpana oluvchi maqomiga ega bo‘lgan. Shu bois Germaniya va AQSHda muhojirlarga nisbatan ko‘rilayotgan va ko‘rilishi kutilayotgan chora-tadbirlardagi shart-sharoit hamda sabablar qator o‘xshashliklarga ega deyish mumkin.

Ammo asosiysi bu emas. Mazkur tendensiya shunisi bilan xavotirliki, Germaniyada muhojirlar siyosatini qattiqlashtiradigan qonun loyihasini o‘tkazish uchun tashabbuskorlar Bundestagdagi o‘ta o‘nglar, sodda qilib aytganda, millatchilarning qo‘llab-quvvatlashiga tayanganidir. Bu Bundestag tarixida birinchisi ekani qayd etildi. Qizig‘i shundaki, bu loyihaning qabul qilinishiga kansler Olaf Shols ham to‘sqinlik qila olmagan. Ovoz berishdan oldin kansler Olaf Shols deputatlarni rezolyutsiyani rad etishga chaqirdi. Biroq yakunda 348 deputat hujjatni qo‘llab-quvvatladi, 345 kishi qarshi ovoz berdi, yana 10 kishi betaraf qoldi. Muxolifat bloki tashabbusi “Ozod demokratik partiya” va ultra o‘ng populistik “Germaniya uchun muqobil” partiyasi vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Qarshi ovoz berganlar esa Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP), “Yashillar” (“Birlashgan 90/Yashillar”) va Chap partiya vakillari edi. Dunyo OAV bu hodisani sensatsiya sifatida baholamoqda. Hatto sobiq kansler Angela Merkel ham XDI yetakchisi Fridrix Metzni o‘ta o‘ng “Germaniya uchun muqobil” partiyasidan yordam olgani uchun tanqid qildi. Merkel aytgani kabi bunday holat Bundestag tarixida ilk bor sodir bo‘ldi. Shunday qilib, o‘nglar yoki hech bo‘lmasa, o‘nglarga yaqin tafakkur namoyish qiluvchi elitalar bugun asta-sekin o‘z mamlakatlarida jilovni qo‘lga olmoqda. AQSHda Tramp ayni damda millatchilik ruhini ko‘rsatyapti, Germaniyada esa Olaf Sholsning o‘rniga kelish ehtimoli bor bo‘lgan muxolifat yetakchisi Fridrix Metz ultra o‘nglar bilan bir yoqadan bosh chiqaryapti. Ilk bor fashizm paydo bo‘lgan Italiya hukumati tepasida esa allaqachon millatchilar.

Jo‘loniy endi prezident. Suriyani tubdan qayta qurish boshlandi

29 yanvar kuni Suriya ma’muriyati rahbari, 2024 yil siyosiy maydonda “super yulduz”ga aylangan Jo‘loniy mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilindi. Suriyaning yangi hukumati avvalgi konstitutsiyasi bekor qilinganini va parlament barcha xavfsizlik xizmatlari va qurolli tuzilmalar tarqatib yuborganini e’lon qildi. Jo‘loniy ayni damdagi Suriya uchun ustuvor vazifalarni aytib, ularga hokimiyatdagi bo‘shliqni to‘ldirish, fuqarolar tinchligini saqlash, davlat institutlarini qurish, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun asos yaratish hamda Suriyaning xalqaro va mintaqaviy maydondagi mavqeyini tiklash kabilarni sanab o‘tdi. Mamlakatning 2012 yilgi konstitutsiyasi bekor qilingandan so‘ng Jo‘loniyga berilgan hozirgi prezidentlik vakolatlari Suriyada yangi konstitutsiya qabul qilingunga qadar amal qilishi belgilandi. Shuningdek, mamlakat hukumati sobiq prezident Bashar Asad davrida qabul qilingan ayrim qonunlarni bekor qildi. 8 dekabrni esa Suriya tarixida “Buyuk Suriya inqilobi” g‘alabasi kuni deb e’lon qilindi. Bundan tashqari, 1963 yildan buyon hukmronlik qilib kelgan Ba’as partiyasi tugatilib, ushbu partiyani boshqa nom ostida qayta tashkil etish ham taqiqlandi.

Mamlakatni qayta qurish jarayoni nafaqat boshqaruv tuzilmalarida, balki atributlarda ham jadallashgan. Xususan, Suriyaning milliy gerbi, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari yangilanishi aytilmoqda. Qayd etilishicha, Mpire Agency brending va marketing kompaniyasi asoschisi Muhammad Selvaye boshchiligidagi 50 nafar ko‘ngillilar guruhi Suriyaning shaxsiy guvohnomalari, pasportlari, rasmiy hujjatlari va milliy logotipini qayta loyihalashtirmoqda. Shuningdek, davlat muassasalarining valyuta va ramzlari dizayniga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ham ishlar olib borilayotgani aytildi. Qayd etilishicha, ushbu ishga qo‘l urgan ko‘ngillilar guruhi tarixchilar, tadqiqotchilar va olimlardan iborat. Loyiha esa 3-4 oy ichida yakunlanishi kutilmoqda. Jamoa a’zolari loyiha tafsilotlari sizib ketishining oldini olish uchun maxfiylik shartnomasini imzolagan. Bundan oldin esa eng avval yangilangan davlat ramzi – mamlakat bayrog‘i bo‘lgandi. Suriyaning davlat bayrog‘i Shara boshchiligidagi yangi rahbariyat hokimiyat tepasiga kelgan dastlabki kunlardayoq o‘zgartirilgan edi. Dastlab Germaniya poytaxti Berlinda, keyinchalik esa Parijdagi Suriya elchixonasi binosidagi eski davlat bayrog‘i yashil chiziqli yangisiga almashtirilgandi.

Bundan tashqari, Ahmad ash-Shara allaqachon mamlakatga tashrif buyurgan ilk xorij davlati rahbarini ham qarshi olishga ulgurdi. Suriyaga tashrif buyurgan dastlabki xorijlik rahbar Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy bo‘ldi. Suriyaga birinchi bo‘lib tashrif buyurishi kutilgan rahbar sifatida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an taxmin qilingandi. Biroq Qatar Amiri ushbu taxminlarni yo‘qqa chiqardi. Yaqin o‘tmishda Qatar va Bashar Asad rejimi o‘rtasidagi munosabatlar rasmiy Dohada fuqarolar urushi paytida mamlakat janubi-sharqidagi Asadga qarshi sun’iy isyonchilarni qo‘llab-quvvatlash ayblovi ortidan inqirozga uchragandi. Bu esa o‘z-o‘zidan diplomatik aloqalarning to‘xtatilishiga va Suriya yerlaridan o‘tishi lozim bo‘lgan Qatar-Turkiya gaz quvuri loyihasining barbod bo‘lishiga olib kelgandi. Biroq Asad rejimi ag‘darilgach, Doha Anqara ortidan zudlik bilan Damashqdagi elchixonasining faoliyatini qayta yo‘lga qo‘ydi.

Suriyani yangitdan qayta bunyod etish va dunyo hamjamiyatiga integratsiyalash qanchalik tez sur’atlarda davom etmasin, qochqin Asad davrida yig‘ilib qolgan talay muammolar tufayli bugungi vaziyat haligacha ma’lum ma’noda murakkab deyish mumkin. Oldinda Sharani qilinishi zarur bo‘lgan qator ishlar va kelishuvlar kutib turibdi. Masalan, mart oyida yangi hukumat shakllanishini oxiriga yetkazish, ayni damda o‘zining “tayinlangan” prezident maqomini “saylangan”ga o‘zgartirish va mamlakatning yangi konstitutsiyasini ishlab chiqish shular jumlasidandir. Shara esa saylovlarni o‘tkazish uchun to‘rt yil, mamlakat konstitutsiyasini qayta yozishga esa uch yil kerakligini aytgandi. Ammo bular boshqa jiddiy muammolar oldida ancha soddalik qiladi. Chunki Shara qarshisida yirik tashqi kuchlarning manfaatlari yo‘lida sochilib ketgan Suriya hududlarini bitta hokimiyat ostida birlashtirish va mamlakat hududiy yaxlitligini ta’minlash kabi hayotiy zarurat turibdi. Bugun Suriyaning deyarli uchdan bir qismi hali ham AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kurdlar qo‘l ostida qolmoqda. Shimolda Turkiya qo‘llovidagi “Suriya milliy ozodlik armiyasi” hukmron. Mamlakatning janubi-sharqidagi nisbatan kichik hudud esa arab mamlakatlari tomonidan moliyalashtiriladigan sun’iy isyonchilar nazoratida. Bular ichida hech shubhasiz, kurdlar eng asosiy muammo hisoblanadi. O‘tish davri hukumati hokimiyatni ichki mustahkamlashga harakat qilar ekan, AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “Suriya demokratik kuchlari” nomi ostida noqonuniy faoliyat olib boradigan kurd jangarilari bilan muzokaralar olib bormoqda. Hozircha o‘rtadagi muzokaralarda ko‘p narsa aniq emas. Ommaga faqatgina kurd kuchlari yaqin yillarda tashkil etilishi rejalashtirilgan 300 kishilik yangi Suriya armiyasi tarkibida mustaqil bo‘linma bo‘lishni istayotgani ma’lum, xolos. Ammo bu armiyaning barpo etilishida Turkiya asosiy instruktor ekani inobatga olinsa, kurdlar ilojsiz narsaga erishmoqchidek tuyulmoqda. Shuningdek, rasmiy Anqara mamlakat xavfsizligi uchun asosiy tahdid deb hisoblaydigan ushbu kurd jangarilariga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya tashkil qilishning payida, degan xabarlar ham yo‘q emas. Turkiya rasmiy doiralari kurd terrorchilari o‘zlarining harbiy mavjudligini yo‘qotmaydigan bo‘lsa, zarur bo‘lgan barcha choralarni qo‘llash haqida bir necha bor jiddiy ogohlantirishlar bilan chiqqan. Bu va boshqa faktorlar Suriya yerlarida bundan keyin to‘qnashuvlar bo‘lishini istamaydigan Ahmad ash-Shara oldida juda uzoq muddatli murakkab muzokaralar turganidan dalolatdir.

Bugungi Suriya Rossiyadan “eski ayblarini yuvishni” talab qildi

28 yanvar kuni Rossiya delegatsiyasi Suriyada hokimiyat almashganidan keyin ilk bor. Damashqqa tashrif buyurdi. Tashrif davomida Rossiya vakillari Suriyaning yangi hokimiyati a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan bo‘lgan brifingda ushbu muzokaralar haqida yuzaki ma’lumot berdi. Ammo undan ushbu muzokaralarda Suriya rasmiylari Rossiyadan Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadni ekstraditsiya qilish va Rossiyaning ortda qolgan yillar davomida Suriya yerlarida o‘tkazgan harbiy amaliyotlari uchun kompensatsiya talab qilgani haqidagi xabarlarga izoh berish so‘ralgan. Ammo Peskov bunga hech qanday izoh bermasligini aytgan. Albatta, bu Asadni Suriyaga topshirish va tovon puli haqidagi gaplar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmadi. “Reuters” nashri Damashq shahrida Rossiya va Suriya vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda Suriyaning yangi yetakchisi Ahmad ash-Shara Rossiya vakillaridan sobiq prezident Bashar Asadni topshirishni talab qilgani haqida xabar bergandi. Nashrga ko‘ra, ash-Shara Asadni qaytarishdan tashqari, qo‘shimchasiga mamlakatdagi fuqarolar urushida uni qo‘llab-quvvatlagani uchun Rossiya tomoniga “tovon to‘lashi” kerakligini ham bildirgan. Shuningdek, Rossiya muzokaralar davomida mamlakatdagi ikkita harbiy bazasini saqlab qolishga harakat qilgan. Qolaversa, uchrashuvda Rossiya tomoni Suriyada ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan. Suriyaning yangi rasmiylari esa Rossiya bilan munosabatlarni tiklashda o‘tmishdagi xatolarni hisobga olish, Suriya xalqining irodasini hurmat qilish va ularning manfaatlariga xizmat qilish kerakligini ta’kidlagan.

Suriyaning yangi hukumati Rossiyaga talab qo‘yayotgan bir paytda Gruziyada ham Suriya uchun o‘ziga xos talab paydo bo‘ldi. Gruziyaning 4 ta asosiy muxolifat partiyasi endilikda Suriyaning yangi prezidenti Ahmad ash-Sharaga murojaat yo‘llab, Asad rejimi davrida Gruziyaning Rossiya tomonidan bosib olingan va keyinchalik “mustaqil” deb e’lon qilingan ikki hududi Abxaziya va Janubiy Osetiyaning bunday maqomini tan olmaslikka chaqirdi. Gruziyaning bosib olingan mazkur ikki hududini davlat sifatida tashqi dunyoda biron-bir normal davlat tan olmagan. Faqatgina Rossiyaning o‘zi, Venesuela, Nikaragua va Asad rejimi kabilar bundan mustasno edi. Rossiya va Erondan tashqari borar va muloqot qiladigan biron-bir davlati deyarli yo‘q bo‘lgan Asad 2018 yilda shunday ahmoqona qarorga qo‘l urgandi. Gruziyadagi muxolifat partiyalar Suriyaning yangi rahbariyatini Asad rejimi davrida qabul qilingan aynan shu siyosiy qarorni qayta ko‘rib chiqishga chaqirmoqda. Ammo bu yerda eng achinarlisi shundaki, bu talab ayni damda Gruziyadagi hukmron “Gruziya orzusi partiyasi” tomonidan emas, balki muxolifat tashabbusi bilan yangradi. Shuning o‘zi bugun Gruziyani aslida kimlar boshqarayotgani xususida shubhalarni yanada jonlantiradi. Chunki milliarder Bidzina Ivanishvili tomonidan parda ortidan turib boshqariladigan bugungi Gruziya hukumati Kremlning kontratseptiv vositasi degan qarashlar keragidan ortiq. Bu safar ham ular o‘ziga nisbatan mavjud shubha-gumonlarni aritishda ancha kech qoldi. Muxolifat ulardan ancha ildam harakat qildi.

“Toshkent-Anqara-Baku uchligi”

29 yanvar kuni Turkiya poytaxti Anqara shahrida Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekistonning uch sohadagi, xususan, Tashqi ishlar, savdo-iqtisodiyot va Transport vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va uchrashuvning yakuniy deklaratsiyasi imzolandi. Ma’lumotga ko‘ra, deklaratsiya transport va mintaqaviy kommunikatsiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Harakat rejasini o‘z ichiga oladi. Hujjatda bir qator muhim bandlar qayd etilgan. Jumladan, suverenitet va hududiy yaxlitlikka qarshi qaratilgan urinishlarga qarshi kurashda birgalikdagi harakatlarni qo‘llab-quvvatlash, O‘rta koridorning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha e’lon qilingan qarorni olqishlash, uni qat’iy bajarishga chaqirish va Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat prinsipiga asoslangan holda hal etishni va Ozarbayjonning Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurda olib borayotgan tiklash va minalardan tozalash ishlarini qo‘llab-quvvatlash kabilarga kelishib olindi. Bundan tashqari, ushbu uchrashuvda ishtirok etgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov tadbirdan so‘ng uch davlat Tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma matbuot anjumanida Transafg‘on temiryo‘li global ta’minot zanjirining bir qismi bo‘lishini ta’kidladi. Saidov Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya, Yevropa davlatlari xalqaro multimodal yuk tashish yo‘lagi imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali yuk tashish hajmini oshirish yuzasidan fikr almashilganini ta’kidladi. Ko‘rinib turibdiki, bu uchrashuvning asosiy mavzusi transport va koridorlar bo‘lgan. Turkiya, Ozarbayjon va O‘zbekistonning manfaatlari mushtaraklashgan yo‘l esa bu O‘rta koridordir. Bu yo‘nalish Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangandan buyon Xitoyni Markaziy Osiyo va Kavkazorti orqali Yevropa bilan bog‘laydigan eng asosiy yo‘llardan biriga aylandi. 1991 yilda sovet Ittifoqining qulashi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazga global savdoda vositachi sifatida o‘z rollarini qaytarib olish uchun eshik ochdi. 2013 yilda Ozarbayjon, Gruziya va Qozog‘iston o‘rta koridor uchun zamin yaratib, mintaqaning savdo infratuzilmasini tiklashga sodiq qolishdi. Ukrainaga bosqin boshlanganidan so‘ng O‘rta koridor bo‘ylab yuk tashish keskin o‘sdi. O‘rta koridor dunyoda mavjud boshqa yo‘nalishlarga nisbatan bir qator ustunliklarga ega. Masalan, mazkur quruqlik yo‘li suv yo‘nalishida Suvaysh kanali orqali yuklarni tashishdan ko‘ra ancha tez. Shu kungacha Rossiya va Belarus orqali o‘tadigan yo‘l Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo yo‘nalishi uchun kuchli muqobil raqib edi. Ammo G‘arb sanksiyalari eski Ipak yo‘lining O‘rta koridor ko‘rinishida qayta jonlanishiga olib keldi. Biroq O‘rta yo‘lak masalasida qator muammolar ham yo‘q emas. Asosiy muammo Kaspiy dengizining suv sathi bilan bog‘liq bo‘lib, uning tez-tez pasayishi kemalarni kamroq yuk tashishga majbur qilgan holda yo‘nalishning samaradorligiga ta’sir qilishi mumkin. 

Shvetsiyada pul uchun Qur’oni Karimga qilgan hujumlari bilan tanilgan iroqlik Salvan Momika 29 yanvar kuni Stokgolm shahri chekkasida joylashgan Syoderteledagi uyida otib o‘ldirildi. “Reuters”ga ko‘ra, soat 23:00 dan keyin otishma haqidagi xabarlardan so‘ng Xovshyo tumani hududiga politsiya va tez yordam chaqirilgan. Shvetsiya matbuotiga ko‘ra, halok bo‘lgan shaxs Qur’on kitobini yoqib yuborgan Salvan Momika bo‘lgan. Qotillik sodir bo‘lgan vaqtda u TikTok orqali jonli efirda bo‘lgan. Ishda Shvetsiya Xavfsizlik politsiyasi ishtirok etmoqda. 38 yoshli Momika 2023 yilda Islom diniga qarshi norozilik sifatida musulmonlarning muqaddas kitobini bir necha bor ommaviy ravishda yoqib yuborgani bilan Shvetsiyadan tashqarida ham ommaga tanilgan edi. Uning mamlakat rasmiylari homiyligida amalga oshirilgan harakatlari butun dunyoda aks-sado berdi va ba’zi mamlakatlarda norozilik namoyishlari, ayniqsa, shiddatli tus oldi va g‘azablangan odamlar Shvetsiya elchixonalariga bostirib kirdi. Shvetsiya elchisidan Iroqni tark etish so‘raldi. Iroqda Salvan Momikaning ona shahri Al-Kufa ma’muriyati uni o‘ldirgan har bir kishiga ikki million dollar mukofot va ikki kilogramm oltindan yasalgan Qur’on kitobini taklif qilgan. Bag‘dod hukumati uni ekstraditsiya qilishni talab qilgan. Muqaddas Qur’oni Karimning Salvan Momika tomonidan yoqib yuborilishi ortidan AQSH, Yevropa Ittifoqi, Rim Papasi, Shavkat Mirziyoyev va yana qator rasmiylar bu holatni keskin qoralab chiqqan edi.

Bularning barchasi Shvetsiyada diplomatik inqirozga olib keldi va o‘sha yilning avgust oyida Xavfsizlik politsiyasi terrorchilik tahdidi darajasini besh balli shkala bo‘yicha uchdan to‘rtga ko‘tardi. Salvan Momika Shvetsiyaga 2018 yilning bahorida borgan edi. 2023 yilning kuzida uning vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomasi bekor qilindi va u Norvegiyadan boshpana so‘radi, biroq Shvetsiyaga qaytarildi va u yerda 2024 yilda bir yillik yashash uchun ruxsatnoma oldi. Shvetsiyaning Migratsiya agentligi, agar u vatani Iroqqa qaytsa, unga qilinadigan qiynoqlar juda xavfli ekanini ma’lum qildi. 2024 yilning avgustida u Shvetsiyada etnik guruhga qarshi gijgijlashda ayblangan. Ish bo‘yicha qaror bugun, 30 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da e’lon qilinishi kerak edi, biroq endi sud kelasi haftaga, 3 fevralga qoldirildi. Stokgolm tuman sudining hujjatlarida Salvan Momikaning vafot etgani tasdiqlanganidan so‘ng yangi hukm chiqarish uchun ko‘proq vaqt talab etilishi qayd etilgan. Mamlakat radiosiga ko‘ra, Momikaning o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumon qilingan besh kishi hibsga olingan. Shu tariqa axloqsiz va manfur ishlarni so‘z erkinligi sifatida talqin qilgan Momika hayotining so‘nggi lahzalari mana shunday ko‘rinish oldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Bashar Asad migratsiya siyosati Suriyada Jo'loniy natsizm “Toshkent-Anqara-Baku uchligi”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing