NATOning Kiyevga yordami belgilanganidan ham oshib ketdi
Olam
−
11 fevral 2025 5943 1 daqiqa
NATO davlatlari o‘z maqsadini oshirib, o‘tgan yili Ukrainaga xavfsizlik uchun 50 milliard yevrodan (51,60 milliard dollar) ko‘proq yordam ko‘rsatdi. Bu haqda bugun, 11 fevral kuni Shimoliy Atlantika alyansi vakili ma’lum qildi.
Ma’lumki, AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Yevropadagi NATO ittifoqchilarini mudofaaga ko‘proq mablag‘ sarflashga va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda katta rol o‘ynashga chaqirmoqda.
NATO Mudofaa vazirlari shu hafta Bryusselda yig‘ilishadi. Uchrashuvda Pentagon rahbari Pit Hegset ishtirok etmoqda. Ushbu tadbirda mudofaa xarajatlari masalasi kun tartibida bo‘ladi.
O‘tgan yili Vashingtonda bo‘lib o‘tgan sammitda NATOning 32 davlati yetakchilari kelasi yil davomida “proporsional badallar hisobiga” Kiyevga xavfsizlik uchun kamida 40 milliard yevro (41 milliard dollar) ajratishga va’da bergan edi.
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ittifoqchilarga bu maqsadga erishilganini aytdi.
Alyans matbuot kotibi vazifasini bajaruvchi Alison Xartning aytishicha, Ryutte “ittifoqchilar 2024 yilda Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha 50 milliard yevrodan ortiq yordam ko‘rsatish orqali bu majburiyatdan oshib ketgan”ini tasdiqlagan.
“Ushbu yordamning yarmidan ko‘pi Yevropa ittifoqchilari va Kanadadan kelgan. Qolgan barcha yordam AQSHdan kelgan”, deydi u.
Ukraina rasmiylari esa G‘arbdagi hamkorlarini, xususan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari va o‘q-dorilar ko‘rinishidagi yordamni oshirishga chaqirmoqda.