“NATOga salom”. Putin armiyasidagi askarlari sonini oshirdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qurolli kuchlar sonini 2,2 millionga oshirdi. Bu haqda kecha, 1 dekabr kuni Kreml saytida e’lon qilingan “Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarining shtat darajasini belgilash to‘g‘risida”gi farmonda aytib o‘tilgan.

Unga ko‘ra, Qurolli Kuchlarning shtat darajasi 2 million 209 ming 130 kishiga ko‘paytirildi. Ushbu miqdorning 1 million 320 mingtasi harbiy xizmatchilar hisobiga to‘g‘ri keladi.  Bunga ko‘ra, endilikda shtat darajasi 2022 yil (2 million 39 ming 758 kishi)ga nisbatan qariyb 170 ming nafarga ortgan. 

Ammo Rossiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, armiyadagi askarlar soni shartnoma asosida qabul qilinadigan harbiy xizmatchilar hisobiga ko‘paytiriladi. Bunda harbiy xizmatga chaqiruvni sezilarli darajada oshirish va safarbarlik ko‘zda tutilmagan.

Rossiya askarlari soni ko‘payishini Ukrainadagi urush va NATO blokining kengayishi bilan bog‘liq tahdidlarning kuchayishi bilan izohlagan. Vazirlikning ta’kidlashicha, alyans Rossiya chegaralari yaqinida kuchlarni to‘plab, havo hujumidan mudofaa tizimlari va zarba beruvchi qurollarni joylashtirmoqda.

“Hozirgi sharoitda Qurolli Kuchlarning jangovar kuchi va sonining qo‘shimcha oshirilishi NATO blokining agressiv faoliyatiga adekvat javobdir”,  deya xulosa qildi Mudofaa vazirligi.

Yangi Farmon imzolangan kundan e’tiboran kuchga kirdi va avvalgi Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2022 yil 25 avgustdagi 575-sonli "Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarining shtat darajasini belgilash to‘g‘risida"gi Farmoni endilikda o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Hujjatga ko‘ra, Mudofaa vazirligiga zarur byudjet mablag‘larini ajratish belgilangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi qo‘shimcha safarbarlik e’lon qilishni rejalashtirmayotgani, “maxsus harbiy operatsiya”ni o‘tkazish uchun yetarli harbiy xizmatchilar mavjudligini bildirgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

NATO Qurolli kuchlar Putin armiya Rossiya Mudofaa vazirligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing