NATOga a’zo bo‘lish shartsiz huquq emas – Turkiya

Olam

image

NATOga a’zo bo‘lish alyansga qo‘shilishni xohlovchi har qanday davlatning so‘zsiz huquqi emas, balki tegishli majburiyatlarga ega bo‘lgan imtiyozdir. Bu haqda kecha, 17 iyun kuni Turkiya Prezidenti ma’muriyatining Ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Fexrittin Altun Bryusseldagi anjumanda ma’lum qildi. 

“Shuni unutmaslik kerakki, NATOga a’zo bo‘lish hech bir davlatning shartsiz huquqi emas. Bu alyans tamoyillariga sodiqligini namoyish etgan mamlakatlarga berilgan imtiyozdir. Shunday ekan, tashkilotning yangi a’zolari, kutilganidek, ittifoqqa, a’zo davlatlarning qonuniy manfaatlariga va ularning xavfsizligiga zarar yetkazmasligi kerak”, deydi u. 

Uning ta’kidlashicha, bu shartlar hozirda muhokama qilinayotgan kirish uchun nomzodlar va kelajakda alyansning yangi a’zolari uchun minimal talablardir va bu talablar bajarilishi kerak. 

“Biz terroristik tashkilotlarga qarshi qat’iy pozitsiyani egallamagan, hujumlarida ko‘plab fuqarolarimiz halok bo‘lgan mamlakatlarning NATOga qabul qilinishiga ijobiy munosabatda bo‘la olmaymiz. Bu Turkiyaning asosiy pozitsiyasi ham NATO va uning kelajagi samaradorligini saqlab qolish, ham Turkiyaning o‘ziga xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish nuqtai nazaridan juda muhim”, deydi Altun. 

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.

15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

26

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing