NATO Ukrainani “o‘zlashtiryapti” – Putin
Olam
−
14 dekabr 2021
9345Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson kecha, 13 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatlashdi. Bu haqda Bosh vazir idorasi xabar bergan.
“Bosh vazir bugun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatlashdi. U Buyuk Britaniyaning Ukraina bilan chegarada rus qo‘shinlari to‘planishidan chuqur xavotirda ekanligini bildirdi”, deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, Bosh vazir Buyuk Britaniyaning Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetiga sodiqligini ta’kidlagan va har qanday beqarorlashtiruvchi harakatlar jiddiy oqibatlarga olib keladigan strategik xato bo‘lishidan ogohlantirgan.
Jonson, shuningdek xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha muloqot muhimligini tan olgan va yetakchilar barcha tomonlar Minsk protokoli shartlariga rioya qilishlari shart degan fikrga kelgan.
Kremlga ko‘ra, Putin Jonsonga NATO davlatlari tomonidan Ukraina hududi faol harbiy “o‘zlashtirilayotgani” Rossiya xavfsizligiga tahdid solayotganiga ishora qilgan.
“Bularning barchasi NATO davlatlari tomonidan Ukraina hududini faol harbiy “o‘zlashtirish” fonida ro‘y berayotgani, bu Rossiya xavfsizligiga bevosita tahdid solayotgani ta’kidlandi”, deyilgan xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, G‘arb matbuoti va siyosatchilari so‘nggi paytlarda Moskva Ukraina bilan chegarada qo‘shinlarini jamlayotganini ta’kidlab kelmoqda. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya o‘z qurolli kuchlarini o‘z hududi va o‘z xohishiga ko‘ra ko‘chirayotganini, uning harakatlari hech kimga tahdid solmasligini va hech kimni bezovta qilmasligi kerakligini aytib kelmoqda. Moskvaning ta’kidlashicha, “Rossiya tajovuzkorligi” haqidagi xabarlar chegara hududlarida NATO kuchlarini to‘plash uchun bahona sifatida foydalanilmoqda.
LiveBarchasi