NATO o‘q-dori sotib olish uchun 1,2 mlrd dollarlik shartnoma imzoladi
Olam
−
23 yanvar 2024
4277Bugun, 23 yanvar kuni NATOning Bryusseldagi shtab-kvartirasida alyans uchun 155 mm artilleriya o‘q-dorilarini sotib olish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Hujjatlarni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va NATOning barqarorlik va xaridlar agentligi (NSPA) bosh direktori Steysi Kammings imzoladi. Marosim Shimoliy Atlantika alyansi shtab-kvartirasi saytida translyatsiya qilindi.
"Biz hozirgina 1,2 milliard dollarlik 155 mm artilleriya o‘q-dorilarini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdik. Bu NATO ittifoqchilarini himoya qilish, shuningdek, Ukrainaga yordam berishda davom etish imkonini beradi", degan Stoltenberg marosimdan so‘ng.
O‘z navbatida, Steysi Kammings alyansga a’zo davlatlar imzolangan shartnoma bo‘yicha o‘q-dorilarni 24-36 oy ichida olishini aytgan.
AFP manbasiga tayanib, alyans 1,2 milliard dollarlik shartnoma bo‘yicha 220 mingga yaqin artilleriya o‘q-dorilarini xarid qilishini yozgan bo‘lsa, “Reuters” manbasi shartnoma bo‘yicha birinchi yetkazib berish 2025 yil oxirigacha amalga oshirilishini aytdi. Aniqlik kiritilishicha, alyans o‘zining bir necha ishtirokchilari nomidan shartnoma tuzgan, ular keyinchalik snaryadlarni Ukrainaga o‘tkazadi yoki ulardan o‘z zaxiralarini to‘ldirish uchun foydalanadi.
Stoltenbergning ta’kidlashicha, gap Ukraina harbiylari tomonidan faol qo‘llanilayotgan 155 mm artilleriya o‘qlari haqida ketmoqda.
Ma’lumot uchun, NSPA alyansning asosiy xizmat ko‘rsatuvchi provayderi bo‘lib, u NATO, uning a’zolari va hamkorlariga keng ko‘lamli integratsiyalashgan imkoniyatlarni taqdim etadi. NSPA NATOning logistika va xaridlar faoliyatini birlashtiradi.
LiveBarchasi