NATO Turkiyaning YeIga intilishini qo‘llab-quvvatlaydi
Olam
−
10 iyul 2023
3431Shimoliy Atlantika alyansi Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilishini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo bu Shvetsiyaning bu boradagi barcha majburiyatlarini bajargan NATOga qo‘shilishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Bu haqda bugun, 10 iyul kuni alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg NATOning Vilnyusdagi sammiti oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Stoltenberg Vilnyusga uchishidan oldin Shvetsiyaning NATOga a’zolik arizasini ma’qullash istiqbolini Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash bilan bog‘lagan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning bayonotiga izoh bergan.
“Men Turkiyaning YeIga a’zo bo‘lishga intilishini qo‘llab-quvvatlayman, biroq biz Madridda (o‘tgan yilning iyun oyida NATO sammiti oldidan) Shvetsiya bajarishi kerak bo‘lgan shartlarning aniq ro‘yxati haqida kelishib olganimizni eslab qolishingiz kerak. Shvetsiya esa bu shartlarni bajardi. Biz Shvetsiyani imkon qadar tezroq NATOga a’zo bo‘lish uchun jadal ishlaymiz, bu Boltiqbo‘yi davlatlarining xavfsizligini ta’minlash uchun juda muhim”, degan Stoltenberg.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqi Turkiyani YeIga to‘laqonli a’zo qilish uchun harakat qilsa, Anqara Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashini aytgandi.
LiveBarchasi