NATO Rossiyaning ko‘z o‘ngida yanada kuchayishiga tarixiy qadam tashlandi

Olam

image

Bugun, 5 iyul kuni Finlyandiya va Shvetsiya Tashqi ishlar vazirlari Pekka Haavisto va Ann Linde hamda NATOning 30 ta davlati elchilari NATO shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan rasmiy marosimda ikki shimoliy davlatning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi protokollarni imzoladilar. Hujjatlar NATOning barcha davlatlari tomonidan ratifikatsiya qilinganidan keyin Finlyandiya va Shvetsiya ittifoqqa a’zo bo‘ladi. 

"Bugun biz rasman qo‘shilish protokolini imzolaymiz va ratifikatsiya jarayonini boshlaymiz. NATOning eshigi barcha Yevropa demokratik davlatlari uchun ochiq. Bu Finlyandiya, Shvetsiya va NATO uchun yaxshi kun, biz 32 a’zo davlat bilan kuchliroq bo‘lamiz va xalqlarimiz o‘nlab yillardagi eng katta xavfsizlik inqirozini boshdan kechirayotgan bir paytda o‘zlarini yanada xavfsizroq his qiladilar”, deydi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg tantanali ochilish marosimida. 

Finlyandiya va Shvetsiya Tashqi ishlar vazirlari NATO davlatlariga minnatdorlik bildirib, hujjatlar tezroq ratifikatsiya qilinishiga umid bog‘ladi va alyans rivojiga hissa qo‘shishga va’da berdi. 

4 iyul kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni boshladilar va bir raundda yakunladilar, bu alyans tarixidagi mutlaq rekorddir, odatda muzokaralar jarayoni yillar davom etadi. 

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.

15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi,  biroq Turkiya bu davlatlardan kurd tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

28 iyun kuni Turkiya, Finlyandiya Prezidentlari, Shvetsiya Bosh vaziri va NATO Bosh kotibi ishtirokida NATO sammiti oldidan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari “Uchlik memorandumi”ni imzoladilar. Memorandumga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda barcha talablarni bajaradi, Turkiyada terroristik tashkilot deb tan olingan tuzilmalar – "Kurdiston ishchi partiyasi", "Suriya xalq mudofaasi otryadi" va FETO bilan muloqotni to‘xtatadi va o‘zi ham ularni terroristik tashkilot sifatida qayd etadi. Qolaversa, milliy qurol-yarog‘ embargosi olib tashlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO

Baholaganlar

80

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing