NATO Rossiyaga nisbatan strategiyasini o‘zgartiradi – “Politico”
Olam
−
12 Oktabr
9622NATO alyansi Mudofaa vazirlari kelasi hafta Moskvaga bo‘lgan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishni boshlaydi. Bu haqda yuqori martabali amerikalik rasmiyga tayangan holda “Politico” xabar berdi.
“Blok davlatlari strategiyaning turli elementlarini belgilab olishga harakat qilmoqda va Rossiya-NATO asosiy aktining taqdirini muhokama qilishni rejalashtirgan”, deydi rasmiy.
Ushbu akt 1997 yil may oyida Parijda imzolangan bo‘lib, unda tomonlar bir-birini raqib sifatida ko‘rmasligi qayd etilgan. Hujjat mamlakat va alyans o‘rtasidagi munosabatlarning asoslarini belgilaydi hamda o‘zaro maslahatlashuvlar va hamkorlik mexanizmini o‘rnatadi.
“Ittifoqchilarning aniq pozitsiyalari nuqtai nazaridan yangi strategiyani ishlab chiqish vaqti keldi. Asosiy akt va Rossiya-NATO Kengashi boshqa davr uchun yaratilgan hamda hozirgi davr uchun yangi narsalar zarur”, deydi nashr manbasi.
“Politico”ning yozishicha, pastroq darajadagi muhokamalar bir necha oydan beri davom etmoqda. Ammo bu safar masala vazirlar darajasida muhokama qilinadi va u bir necha bosqichli bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ittifoqchilar yangi strategiyani 2025 yil iyunida Gaagada o‘tkaziladigan NATO sammitiga tayyorlashga kelishib olgan. Bildirilishicha, yangi hujjat loyihasi hali mavjud emas. Chunki blok a’zolari orasida NATO yangi qoidalar to‘plamini shakllantirishda qanchalik uzoqqa borishi zarurligi borasida kelishmovchiliklar bor.
Nashrga ko‘ra, NATO va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar 2022 yilda Moskva va Kiyev o‘rtasidagi harbiy mojaro boshlanganidan keyin eng past nuqtaga yetgan. Alyans Rossiyani eng jiddiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid deb atagan bo‘lsa, Rossiya rasmiylari NATOning sharqiy qanotda kuchayishi va uning Ukrainani qo‘shib olishi ehtimoli Rossiyaga nisbatan tahdid ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Bundan tashqari, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin agar Kiyevga G‘arb qurollari bilan Rossiyaning chuqur hududlariga zarba berishga ruxsat etilsa, bu NATO, AQSH va Yevropa davlatlarining mojaro ishtirokchisiga aylanishi va bu javob choralarini talab qilishidan ogohlantirgan.
Shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kelajakda Rossiya bilan aloqalarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlab, Yevropa va dunyo davlatlarini yangi jahon tartibini barpo etishga e’tibor qaratishga chaqirgan. Uning aytishicha, Ikkinchi jahon urushi oxirida o‘ylab topilgan hozirgi tartib “nomukammal va adolatsiz”. Kreml esa Ukrainadagi harbiy harakatlar tugaganidan so‘ng Rossiya Yevropa bilan munosabatlarni “yangi asoslar” bo‘yicha qurishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Ukraina hududidan Rossiyaga G‘arb qurollari bilan zarbalar NATOni Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushiga “to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilish” ekanligini aytib, bu harakatlarning oqibatidan ogohlantirgan edi.
LiveBarchasi