NATO Rossiya-Ukraina inqirozi bo‘yicha aniq pozitsiyasini belgilashi kerak – Erdo‘g‘an

Olam

image

NATOga a’zo davlatlar rahbarlarining hech biri Ukraina va Rossiya munosabatlaridagi inqirozni yumshatish uchun jiddiy choralar ko‘rmadi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 23 fevral kuni alyansning navbatdagi yig‘ilishi oldidan shunday fikr bildirdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga ko‘ra, Moskva va Kiyev munosabatlaridagi inqiroz Qora dengiz mintaqasidagi xavfsizlik va barqarorlikka tahdiddir.

“Turkiya ikki qo‘shni davlat – Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar tezroq tiklanishiga umid qilmoqda”, degan Erdo‘g‘an jurnalistlarga.

U yaqin orada NATOdagi ittifoqchilar bilan bu  masalada maslahatlashuv o‘tkazilishini aytdi.

Videokonferensiya orqali o‘tkazilishi rejalashtirilgan NATO sammitiga to‘xtalib o‘tgan Erdo‘g‘an, Ittifoq mamlakatlari yetakchilaridan hech biri keskinlikni kamaytirish uchun jiddiy qadamlar qo‘ymaganini aytdi.

“[Fransiya Prezidenti Emmanuel] Makron Moskvaga tashrif buyurdi, natija ma’lum. [Germaniya kansleri Olaf] Shols ham qadam tashladi, bunda ham vaziyat yaxshi ma’lum. [AQSH Prezidenti Jo] Bayden bo‘lajak muzokaralar haqida gapirdi. Aslida, hech qanday natija yo‘q. Vaziyatni davlatlar va tuzilmalar nuqtai nazaridan tahlil qiladigan bo‘lsak, birinchi o‘rinda faqat NATO qoladi. Menimcha, NATO bloki nihoyat [Rossiya-Ukraina inqirozi bo‘yicha] aniq pozitsiyani belgilab olishi va zarur bo‘lgan hamma narsani qilishi kerak. Aks holda, hamma aytganini qilyapti, lekin real qadamlar yo‘q”, degan Erdo‘g‘an.

Turkiya Prezidenti Rossiya qo‘shinlarining Ukraina chegarasi yaqinida keng ko‘lamli joylashtirilayotganiga e’tibor qaratgan. 

“Hodisalarning keyingi rivojlanishini bashorat qilish uchun bashoratchi bo‘lish shart emas. Shu bois NATOning yaqinlashib kelayotgan sammitida ittifoqchi davlatlar rahbarlarining chiqishlarini kutamiz. Biz ham o‘z pozitsiyamizni bildiramiz”, degan Erdo‘g‘an.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.

Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

101

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing