NATO Putinning qosh-qovog‘iga qaramay, Ukraina bilan shartnoma imzoladi
Olam
−
17 yanvar 2022
17945NATO va Ukraina texnologik loyihalar ustida hamkorlikni davom ettirish uchun yangi shartnoma imzoladi. Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansi bayonotida aytiladi.
Tomonlar texnologiyaga oid loyihalar bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirish bo‘yicha yangilangan Memorandumni imzolagan.
Hamkorlik “Bilim almashish tashabbusi”ni ham o‘z ichiga oladi, unda NATO aloqa va axborot agentligining (NCI Agency) soha bo‘yicha mutaxassislari alyansning qo‘mondonlik, boshqaruv, aloqa va kompyuter imkoniyatlarini rivojlantirish amaliyoti haqidagi bilimlari bilan o‘rtoqlashadilar.
NCI Agency bosh direktori Lyudvig Dekampsning aytishicha, ushbu kelishuvga muvofiq alyans Ukraina bilan o‘z axborot texnologiyalari va aloqa xizmatlarini modernizatsiya qilishda mamlakatni qo‘llab-quvvatlash uchun hamkorlikni chuqurlashtiradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv doirasida ukrainalik kadrlarni tayyorlash talab qilinishi mumkin bo‘lgan sohalar aniqlanadi.
"Mutaxassislarimiz ushbu muhim hamkorlikni davom ettirishga tayyor", dedi Dekamps.
NCI Agency va Ukraina o‘rtasidagi birinchi kelishuv 2015 yilda imzolangan. Ushbu kelishuv doirasida Ukraina havo hududi xavfsizligini ta’minlash uchun erta ogohlantirish va muvofiqlashtirish dasturi ham amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Ukrainada ayrim davlat muassasalari, jumladan, Tashqi ishlar vazirligi veb-saytlari xakerlik hujumiga uchragan edi. Kiyev hujum ortida Rossiya turganini aytdi. Voqeadan so‘ng NATO Bosh kotibi Yons Stoltenberg Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Yaqin kunlarda NATO va Ukraina kengaytirilgan kiber hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolaydi, bu shartnoma boshqa narsalar qatori Ukrainaning zararli dasturlar haqida ma’lumot almashish uchun NATO platformasiga kirishini ham nazarda tutadi”, dedi u.
LiveBarchasi