NATO Bosh kotibi Ukrainaning o‘rni qayerdaligini aytdi

Olam

image

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Kiyevga kutilmagan tashrifi chog‘ida Rossiya bilan qarama-qarshilik tugaguniga qadar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ma’lum qildi.

Urush boshlanganidan beri ilk bor Ukrainaga kelgan NATO Bosh kotibi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Kiyevda bo‘lgani va Prezident Zelenskiy bilan uchrashganidan juda faxrlanishini aytgan.

O‘z navbatida, NATO veb-saytida chop etilgan press-relizda Stoltenberg va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazilgani ma’lum qilingan.

NATO Bosh kotibi ukrainaliklarga murojaat qilar ekan, alyans Ukrainani Rossiya bilan qarama-qarshilikda qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. 

“NATO bugun, ertaga va oxirigacha siz bilan”, degan Stoltenberg.

Bosh kotibning aytishicha, 2022 yil fevralidan beri NATO ittifoqchilari Ukrainaga 150 milliard yevro miqdorida yordam ko‘rsatgan, shundan 65 milliard yevro harbiy yordamdir.

Shuningdek, Stoltenberg o‘n minglab ukrainalik harbiylar tayyorlangani, yetkazilgan qiruvchi samolyotlar, tanklar, zirhli texnikalar jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirganini ta’kidlagan.

Bosh kotibning qayd etishicha, ittifoqchilarning xavfsizlik manfaatlari Ukrainaning qo‘llab-quvvatlashini talab qiladi.

“Ukrainaning o‘rni Yevroatlantika oilasida. Bu joy haqli ravishda Ukrainaga tegishli. Vaqt o‘tishi bilan bizning qo‘llab-quvvatlashimiz bunga imkon beradi”, degan Stoltenberg.

Stoltenberg Ukrainaning NATOga a’zoligi haqidagi savolga javob berar ekan, bu Vilnyusdagi yig‘ilishda kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘lishini aytgan. 

“Men Prezident Zelenskiyning Vilnyusdagi NATO sammitida Ukrainaning a’zoligi va xavfsizlik kafolatlari masalasini ko‘tarishini tushunaman, bu kun tartibidagi ustuvor yo‘nalishlardan bo‘ladi”, deydi Stoltenberg.

Bosh kotibning qayd etishicha, alyans Ukrainaning sovet davridagi jihoz va doktrinalardan NATO standartlariga o‘tishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha uzoq muddatli tashabbusni ko‘zda tutadi. Bu esa NATOning Ukrainaga nisbatan uzoq muddatli majburiyatlaridan dalolat beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Stoltenberg NATO Bosh kotibi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing