NATO Bosh kotibi Bayden bilan Xitoy masalasini muhokama qildi

Olam

image

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan Xitoyga nisbatan siyosatni muhokama qildi. Bayden bilan Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Shimoliy Atlantika alyansi rahbari jurnalistlarga joriy yilning 14 iyun kuni Bryusselda o‘tkazilishi rejalashtirilgan NATO sammitining kun tartibida Xitoy masalasi ham borligini aytdi.

Stoltenberg yaqin orada Xitoy dunyodagi eng yirik iqtisodiyotga aylanishiga ishonch bildirgan.

“Biroq Xitoy bizning qadriyatlarimizga qo‘shilmaydi. Xitoy Gonkongdagi demokratik namoyishchilarga qanday to‘siq qo‘yayotganini, uyg‘urlarga qanday munosabatda bo‘lganini, qo‘shnilariga bosim o‘tkazayotganini va Tayvanga tahdid solayotganini ko‘rib turibmiz”, deydi NATO Bosh kotibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Rossiya, global terrorizm, kiber tahdidlar va iqlim o‘zgarishining xavfsizlikka ta’siri masalalarini ham muhokama qildi

“Bayden ko‘proq NATOning kelasi hafta Bryusselda bo‘lib o‘tadigan sammitiga tayyorgarlik haqida gapirdi. Biz uzoq kutilgan sammit kun tartibiga Ittifoqni yanada mustahkamlash masalasini kiritishga kelishib oldik”, deya davom etdi Stoltenberg.

NATO Bosh kotibi qudratli ittifoq nafaqat Yevropa davlatlari, balki AQSH uchun ham foydali ekanini ta’kidladi.

“Hech bir qudratli davlatning NATOda AQSH kabi do‘stlari va ittifoqchilari yo‘q. Janob Baydenni Bryusselda ko‘rishni orziqib kutaman. Biz juda ijobiy uchrashuv o‘tkazdik”, deydi u.

Shuningdek, Stoltenberg ham Baydenning NATO sammitidan keyin Putin bilan uchrashish qarorini olqishladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Bayden

Baholaganlar

76

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing