Blinken Isroilda namoyishchilar bilan uchrashdi
Olam
−
01 may
8735Isroilga tashrif bilan borgan AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken G‘azoda garovga olinganlarni tezroq ozod qilishni talab qilgan bir guruh namoyishchilar bilan suhbatlashdi. U namoyishchilarni Vashington o‘g‘irlab ketilgan odamlarni uylariga qaytarish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirishiga ishontirdi. Bu haqda “The Jerusalem Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tel-Avivdagi Davlat kotibi istiqomat qilayotgan mehmonxona binosi yonida Falastin anklavidagi garovga olinganlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha miting bo‘lib o‘tgan. Mehmonxonaga yaqinlashar ekan, Blinken Isroil va Amerika bayroqlarini ushlab turgan bir guruh namoyishchilar yonida to‘xtagan va ular bilan qisqacha gaplashib, ayrimlarning qo‘lini siqib qo‘ygan.
“Yaqinlaringizni uyga olib kelish biz qilayotgan har bir ishning asosidir va biz hamma – har bir erkak, har bir ayol, harbiy, fuqaro, yosh va qari – uyga kelmaguncha tinchlanmaymiz”, degan Blinken.
U HAMASga hozirda garovga olinganlar bo‘yicha "juda kuchli taklif" berilganiga ishontirdi.
"HAMAS “ha” deyishi va buni tugatishi kerak", deydi Davlat kotibi.
Blinken mehmonxonadan Quddusga yo‘l oldi va u yerda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan yakkama-yakka uchrashuv boshladi. Suhbat yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda.
Netanyaxu idorasining xabar berishicha, yakkama-yakka suhbatdan so‘ng Isroil va Amerikaning yuqori martabali amaldorlari ishtirokida kengaytirilgan uchrashuv rejalashtirilgan. Kengaytirilgan yig‘ilishda Isroil Strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer, Isroil mudofaa kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Gerzi Halevi va boshqa bir qator yuqori martabali amaldorlar ishtirok etadi.
Blinken kecha, 30 aprel oqshomida Yaqin Sharqqa safari doirasida Isroilga yetib bordi. Bungacha u Iordaniya va Saudiya Arabistonida ham bo‘ldi. AQSH Davlat kotibining mintaqadagi aloqalari, birinchi navbatda, Falastin-Isroil mojarosining keskinlashuvi va G‘azo sektorida HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarni ozod qilish va u yerda harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishga urinishlari bilan bog‘liq.
LiveBarchasi