Nashid uchun qamalgan Jahongir Ulug‘murodovning apellyatsiya sudi qoldirildi
Jamiyat
−
14 iyun 2023
12373Telegram’dagi 10 kishilik guruhga taqiqlangan nashid yuborgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Jahongir Ulug‘murodovning apellyatsiya sudi bugun, 14 iyun kuni Toshkent viloyat sudlari binosida bo‘lib o‘tdi.
Bir yarim soatga yaqin davom etgan sud majlisidan so‘ng sud raisi va a’zolari tanaffus e’lon qilib, navbatdagi majlis 2023 yil 21 iyun kuni soat 15:00 ga qoldirildi. Bunga sabab sifatida esa sud jarayoniga qo‘shimcha ekspertlar hamda guvohlarni jalb etish kerak ekani ko‘rsatildi.
Ammo ochiq ekani aytilgan Ulug‘murodovga oid apellyatsiya sudini tasvirga olish, sud majlisini ommaviy axborot vositalari orqali yoritishga ruxsat berilmadi. Majlis avvalida ayblanuvchining advokatlari majlisga jurnalistlar kiritilishi va ularning audio va video yozib olishiga ruxsat berilishini so‘rab, sudyaga iltimosnoma kiritdi. Jurnalistlarning texnik imkoniyatlari cheklanishiga Toshkent viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i, prokuror G‘ayrat Tulyakovning qarshilik ko‘rsatishi sabab bo‘ldi. Iltimosnoma qanoatlantirilmadi.
“Nashida tarqatganlikda ayblov ilgari surilayotgan Jahongir Ulug‘murodovga oid jinoyat ishi ochiq, lekin... Sud majlisining tayyorlov qismi o‘ta qizg‘in va tortishuvchanlik muhitida o‘tdi. Himoya tomonning ketma-ket bergan iltimosnomalariga ishda ishtirok etayotgan prokuror tomonidan o‘z navbatida o‘ziga xos e’tirozlar bildirildi. Garchi e’tirozlari zaif asoslantirilgan bo‘lsa-da, lekin tortishuvchanlik prinsipi amalda aks eta olgani uchun ham xursandmiz.
Ayni paytda sud oshkoralik prinsipini amalda ijrosini ta’minlab bera olmadi, nazarimizda. Ya’ni sud jarayonini video va foto tasvirlarga olinishiga ruxsat bermadi. Qiziq jihati shundaki, sud buni ishda qatnashayotgan prokuror rozilik bermagani bilan bog‘ladi”, dedi Ulug‘murodovning advokati Abdumalik Abdullayev.
Prokuror G‘ayrat Tulyakov sud majlisining OAVda e’lon qilinmasligining sababi sifatida esa o‘zining yuzi ommaga ko‘rinishini xohlamasligi va OAVning, xususan, QALAMPIR.UZ’ning mavzuni yoritishda shu paytga qadar noxolis yondashib kelgani, o‘z videomateriallarida o‘zbek tilida bo‘lgan nashidni arab tilida bo‘lgan, deb aytganini ko‘rsatdi.
Xo‘sh, bu holat barcha ommaviy axborot vositalarining ochiq sud majlisini yoritishiga ruxsat bermaslikka asos bo‘la oladimi?
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi bo‘lgan Jahongir Ulug‘murodovni ximoya qilish uchun kelgan 4 nafar advokat bu sabablar sud majlisining OAVda e’lon qilinmasligiga asos bo‘la olmasligi, mavzuning noto‘g‘ri talqin etilmasligi uchun ham sud majlisi boshlanganidan oxirigacha OAVda yoritilishi kerakligini aytsa ham sudya bu fikrlarni inobatga olmadi.
Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ulug‘murodovga Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
LiveBarchasi