“Nasaf” bugun Elit Chempionlar ligasidagi yurishini boshlaydi
Sport
−
15 Sentabr 2025 6105 2 daqiqa
Bugun, 15 sentyabr kuni Qarshining “Nasaf” klubi OFK Elit Chempionlar ligasi musobaqasidagi yurishini boshlaydi. O‘zbekiston klubi Saudiya Arabistonining “Al Ahli” jamoasiga qarshi o‘ynaydi.
Elit Chempionlar ligasida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan “ajdarlar” Saudiya Arabistonining eng kuchli jamoalaridan biri bilan kuch sinashadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan 23:15 da boshlanadi. O‘yin Saudiya poytaxti Jiddadagi “Podshoh Abdulla” stadionida o‘tkaziladi.
“Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va darvozabon Abduvohid Ne’matov kecha, 14 sentyabr kuni “Al Ahli”ga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
“Biz Osiyo Chempionlar Ligasi Elit musobaqasidamiz. Ertadan musobaqadagi yurishimizni boshlaymiz. Raqibimiz “Al Ahli” kuchli tarkib va katta salohiyatga ega jamoa. “Nasaf” uchun bu kabi turnirda qatnashish yangilik emas, biz ilgari ham “Al Ahli” darajasidagi kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushganmiz. Jamoamiz har qanday raqibga munosib qarshilik ko‘rsatishga qodir. Ertangi o‘yinga to‘liq tayyormiz, yigitlarning ham kayfiyati yaxshi. Albatta, ijobiy natija uchun bor kuchimizni safarbar qilamiz”, dedi u.
Shuningdek, Ro‘ziqul Berdiyev musobaqaning amaldagi chempioniga qarshi o‘yinga qanday tayyorlangani haqidagi jurnalistlarning savolga javob berdi.
“Yuqorida ham aytib o‘tdim, raqibimiz jiddiy jamoa — musobaqa chempioni. Yaqinda Saudiya Arabistoni Superkubogini ham qo‘lga kiritdi. Bu ularning kuchi va salohiyatidan dalolat beradi. Biz tayyorgarlik jarayonini shunga yarasha olib bordik. Ishonamanki, ertangi natija ham ijobiy bo‘ladi”, deydi u.
Ma’lumot uchun, “Nasaf” jamoasining OFK Elit Chempionlar ligasidagi rasmiy taqvimi bilan tanishing:
- 1-tur – 15 sentyabr. “Al-Ahli” – “Nasaf” (safarda);
- 2-tur – 29 sentyabr. “Nasaf” – “Al-Hilol” (uyda);
- 3-tur – 21 oktyabr. “Shabab al-Ahli” – “Nasaf” (safarda);
- 4-tur – 3 noyabr. “Nasaf” – “Al-Vahda” (uyda);
- 5-tur – 24 noyabr. “Nasaf” – “Traktor” (uyda);
- 6-tur – 23 dekabr. “Al-Ittihod” – “Nasaf” (safarda);
- 7-tur – 9 fevral. “Nasaf” – “Ash-Shorta” (uyda);
- 8-tur – 16 fevral. “Sharja” – “Nasaf” (safarda).
Live
Barchasi