2 tonna narkotik yoqib yuborildi

Jamiyat

O‘zbekiston butun dunyoni giyohvand moddalari bilan ta’minlovchi asosiy savdo yo‘lagida joylashgan mamlakatdir. O‘zbekiston joylashgan ushbu Shimoliy yo‘nalish Afg‘onistondan Markaziy Osiyo respublikalari orqali Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasiga o‘tadi. Ushbu qora bozorda yiliga 13 milliard dollarlik giyohvand moddalari sotiladi.

Bugun, 26 iyun – Xalqaro giyohvand moddalar iste’moli va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish kunida O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan 2 tonnadan ortiq narkotik va psixotrop moddalar yo‘q qilindi. Bu haqda qora dorilarni yoqib  yuborish jarayonida bevosita qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi (Markaz) ma’lumotiga ko‘ra, respublika huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan 2023 yilda giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 10 039 (8694) ta holat aniqlangan. Bu o‘tgan yilning mazkur davriga nisbatan 15,5 foizga ko‘pdir.  2023 yil mobaynida jami 10 tonna 370 kg miqdordagi narkotik moddalar musodara etilgan. Bulardan ko‘knor – 8 tn 582,5 (138,3) kg, opiy – 322,9 (387,3) kg, geroin –101,8 (276,9) kg, gashish moyi – 0,474 (0,298) kg, marixuana – 660,68 (753,01) kg, kokain – 0,006 (0) kg, sintetik va boshqa giyohvandlik vositalar (MDMA, metamfetamin, mefedron, a-PVP, LSD) – 78,6 (32,2) kg va tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud bo‘lgan dori preparatlari – 1,24 (8,11) kg hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan 2023 yilda boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda 1 764 ta narkojinoyat fosh etildi. Qariyb 942 kg giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Shuningdek, 617 597 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda sintetik giyohvandlik vositalarining savdosi va iste’moli ortib bormoqda. Sintetik giyohvandlik vositalari asosan Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya davlatlaridan kirib kelayotgan bo‘lib, bugungi kunda 70 kg dan ortiq turli xildagi dori vositalari ushlangan”, deydi Davlat xavfsizlik xizmati xodimi Mahliyo Valiqulova. 

Dunyo qora bozorining 95 foizdan ziyodini narkotik bilan ta’minlaydigan qo‘shni Afg‘onistonda ko‘knor va opiy yetishtirish taqiqlanganidan keyin O‘zbekistonga Afg‘onistondan kirib keladigan giyohvandlik moddalari ulushi biroz kamaygan, ammo Rossiya va Qozog‘iston orqali olib kiriladigan sintetik vositalar va psixotrop dorilar miqdori keskin oshgan.

“Bugun keng jamoatchilik ishtirokida yo‘q qilinayotgan giyohvandlik vositalarini to‘xtatib qolishda respublikamiz bojxonachilarining hissasini ham alohida ta’kidlashimiz kerak. 2023 yilda rekord darajadagi giyohvandlik vositalarini to‘xtatib qolishda aynan bojxonachilar hissasi katta bo‘ldi.

Afsuski, so‘nggi yillarda psixotrop moddalar va sintetik vositalar iste’moli ortib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Surxondaryo viloyatidagi bojxona postlaridan birida shunday holat kuzatildiki, og‘ufurushlar anor sharbati ichida psixotrop dori kristallarini olib o‘tmoqchi bo‘ldi”, deydi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bosh inspektori Husan Tangriyev. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi 10 yillikda dunyo bo‘yicha narkotik moddalar iste’mol qiladiganlar soni 20 foizga oshdi.

“Giyohvand moddalar iste’moli va noqonuniy aylanmasi bu juda ham og‘ir muammo. Bu bo‘yicha nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda vaziyat og‘irlashmoqda. Shuni alohida aytib o‘tish kerakki, oxirgi 10 yilda jahon bo‘ylab narkotik iste’mol qiladigan odamlar soni 20 foizga oshdi. Bu 290 milliondan ortiq odamni tashkil qiladi. Xavotirli tomoni, sintetik narkotiklar, masalan, metamfetamin ishlab chiqarish hajmi o‘sdi. Metamfetamin nafaqat Markaziy Osiyo, balki Janubiy Osiyo, Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlari qora bozorini ham to‘ldirib bormoqda. Bundan tashqari, yangi moddalar ham kirib kelmoqda va narkotiklar bozoridagi muvozanat o‘zgarib boryapti.

O‘zbekiston aholisining 60 foizini 30 yoshga to‘lmagan yoshlar tashkil etadi. Ularning giyohvandlikka berilib ketishining oldini olish, profilaktika ishlarini olib borish uchun Ichki ishlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, chegara qo‘shinlari birgalikda ishlashi kerak.  Ayniqsa, yosh avlod bilan birga ishlash eng muhim profilaktik tadbirdir. Undan tashqari, tibbiy xizmat sifati va qamrovi oshirilishi kerak. Chunki, giyohvandlikka berilgan odamlarning atigi 7 dan 1 qismi tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega. Eng muhim ish, narkotik iste’moliga qarshi targ‘ibot va tashviqot ishlarini ko‘proq olib borish kerak”, deydi BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing