Namangandagi xonadonda gaz portlashi oqibatida 5 kishi jarohatlandi
Jamiyat
−
12 dekabr 2021 5367 1 daqiqa
Bugun, 12 dekabr kuni Namangan tumanidagi xonadonlardan birida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bergan.

Ta’kidlanishicha, soat 03:20 atrofida tumanning G‘ayrat MFY Beruniy ko‘chasidagi uyda yong‘in sodir bo‘layotgani haqida ma’lumot kelib tushgan. Qayd etilishicha, soat 03:24 da Namangan shahar va Namangan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in qutqaruvchilari voqea joyiga yetib borgan va soat 03:26 da yong‘in joyi o‘rab olingan.

Ma’lum qilinishicha, portlash oqibatida uyning shift va tom qismidan 20 kvadrat metr joyi hamda qisman uy-ro‘zg‘or buyumlari yonib zararlangan, shuningdek xonadon egasi, uning turmush o‘rtog‘i, 3 nafar farzandi (2 nafar qiz va 1 nafar o‘g‘il) kuyib tan jarohati olgan.

Sodir bo‘lgan yong‘in Namangan shahar va Namangan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limining yong‘in-qutqaruvchilari tomonidan soat 03:34 da o‘chirilgan.
Ta’kidlanishicha, chaqnashga yashash xonadoniga tortib kelingan gaz trubasi jo‘mragi nosozligi sababli sizib chiqqan tabiiy gaz xonaga to‘planishi hamda uy egasining turmush o‘rtog‘i gaz hidini sezmagan holda elektr chirog‘ini yoqishi sabab bo‘lgan.
Hozirda sodir bo‘lgan chaqnash yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Live
Barchasi