Namanganda yangi institut tashkil etildi
Jamiyat
−
06 Oktabr 2022
9146O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Namangan shahrida Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etiladi.
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:
• to‘qimachilik sanoati tarmoqlari uchun mehnat bozorida raqobatbardosh, yuqori malakaga ega oliy ma’lumotli va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
• ta’lim dasturlarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
• ta’lim bilan ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini yo‘lga qo‘yish, kafedra filiallarini hamda professor-o‘qituvchilarning stajirovkasini tashkil etish;
• o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil bilim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirish;
• o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribani, jumladan, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-ta’lim muhitini ta’minlash;
• ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish.
Institutda ta’lim jarayoni nufuzli xorijiy davlatlar oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tashkil etilishi belgilandi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Prezident ta’lim muassasalari agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi bilan hamkorlikda:
a) 2023/2024 o‘quv yiliga qadar to‘qimachilik sanoati rivojlangan xorijiy davlatlar oliy ta’lim tashkilotlarini hamkor sifatida belgilab, Institut ta’lim jarayonini zamonaviy o‘quv dasturlari asosida tashkil etadi;
b) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab:
Institut professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuborish choralarini ko‘radi;
Institut talabalarining tanishuv va malakaviy amaliyotini xorijiy va mahalliy yirik to‘qimachilik korxonalarida o‘tash tizimini joriy etadi;
Institut talabalarining fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etadi;
v) 2024/2025 o‘quv yiliga qadar Institut huzurida to‘qimachilik texnoparki faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Bunda, Texnopark:
• Namangan viloyati hokimligi tomonidan jalb etiladigan xalqaro tashkilotlarning grantlari va salohiyatli investorlar mablag‘lari hisobiga, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi;
• Institut ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi hamda unga texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va tijoratlashtirish huquqi beriladi;
• xo‘jalik faoliyatidan olinadigan daromadlar, grantlar, homiylik xayriyalari, Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
g) 2026/2027 o‘quv yiliga qadar Institutning kamida 2 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan o‘tkazilishini ta’minlaydi.
LiveBarchasi