Namanganda uyini narkolaboratoriyaga aylantirgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
18:51 358 2 daqiqa
Namangan viloyatining Davlatobod tumanida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlab, Telegram orqali sotgan shaxs ushlandi. Bu haqda Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 26 sentyabr kuni viloyat IIB va Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tezkor tadbir davomida Davlatobod tumani Yuksalish mahallasida shartli xaridorga 2 mln so‘m evaziga 5 gramm og‘irlikdagi kristall ko‘rinishidagi sintetik giyohvandlik vositasini sotayotgan shaxs qo‘lga olingan.
Shundan so‘ng, uning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Natijada u yerda noqonuniy narkolaboratoriya tashkil etilgani aniqlangan. Xonadondan jami 300 gramm, ya’ni taxminan 30 ming dozaga teng sintetik giyohvandlik vositasi, 11 dona giyohvandlik moddasini iste’mol qilish moslamasi, elektron tarozilar, 500 dona zip-paket, giyohvandlik vositalarini Telegram orqali sotishda foydalanilgan telefon hamda savdodan tushgan 5 ming dollar pul mablag‘i va boshqa ashyolar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi “a” bandi va 276-1-moddasi (G‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida 1 kilogramm “opiy” giyohvandlik vositasini 20 ming dollarga sotayotgan ikki shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi