Namanganda Shangan brendi ostida kichik yuk mashinalari ishlab chiqariladi
Jamiyat
−
22 iyul 2020
7594Namangan viloyatining Chust tumani hududida joylashgan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida Xitoyning Shangan brendi ostida kichik yuk avtomobillari ishlab chiqarish loyihasi boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligining Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Xitoyning Shangan brendiga mansub kichik yuk avtomobillarini ishlab chiqarish “Xorijdagi vatandoshlar” loyihasi doirasida amalga oshiriladi. Ishlab chiqarishga so‘nggi 10 yil davomida Birlashgan Arab Amirliklarining Ajman shahrida istiqomat qilib kelayotgan asli namanganlik tadbirkor Jobirxon Homidov tomonidan 800 ming dollar, 2 million dollar xorijiy investorlar ulushi va 3 million dollar bank krediti, jami 5,8 million dollar miqdorida investitsiya kiritilmoqda.
Namangan Shangan Motors MCHJ tomonidan loyihaning birinchi bosqichida yiliga 1800 ta 1-1,5 tonna yuk ko‘taradigan 4 xil rusumdagi avtomobillar ishlab chiqariladi va 120 kishi ish bilan ta’minlanadi. Keyingi 3 yil davomida mahalliylashtirishni 50 foizgacha yetkazish va mahsulotning uchdan bir qismini BAA hamda Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Tadbirkorning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning o‘zida yiliga 20 mingtagacha shunday rusumdagi avtomobillarga ehtiyoj mavjud. Yaqin va uzoq xorij bozorlari inobatga olinadigan bo‘lsa, ishlab chiqarish ko‘lamini yanada kengaytirish imkoniyatlarini chamalash mumkin bo‘ladi.
“Namangan Shangan Motors tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarga hozirning o‘zida talab va xaridorlar yetarli ekanligi kishini quvontiradi. Kelgusida bu yerda ehtiyot qismlar tayyorlanadigan boshqa korxonalar ham paydo bo‘lishi va yaxlit majmua yuzaga kelishi ayni muddao bo‘ladi”, dedi loyihaga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda qatnashgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov.
Korxonada 2021 yilning birinchi choragida ilk avtomobillar ishlab chiqarilishi boshlanishi kutilmoqda.
Avvalroq, O‘zbekistonda TARLON (4x4) rusumli yengil zirhli avtomobilning (YeZA) tajriba namunasi ishlab chiqarilayotgani aytilgandi.
LiveBarchasi