Namanganda noan’anaviy to‘y qilgan kuyov jazolandi (video)
3-sahifa
−
12 Sentabr 2023
45546Ijtimoiy tarmoqlarda “Kuyov arab shayxlariga havas qilgan ko‘rinadi” nomli to‘y marosimi aks etgan videomaterial keng tarqalib, aholi orasida keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik mazkur to‘y qachon va qayerda bo‘lgani aniqlandi hamda kuyov jarimaga tortildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, mazkur to‘y joriy yilning 31 avgust kuni Namangan viloyatida o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, 2000 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan fuqaro (kuyov) viloyat IIBga chaqirilgan.
"O‘tkazilgan suhbat davomida kuyovning tashabbusi bilan to‘yda kelinga noan’anaviy kiyimlar (burqa shaklidagi) kiydirilgani hamda diniy kuy-qo‘shiqlardan foydalanib, tadbirga diniy tus berilgani aniqlandi. Shu munosabat bilan, sud tomonidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1842-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi", deyiladi IIV xabarida.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, jins bo‘yicha bilvosita kamsitish, ya’ni bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu Qonunning 29-moddasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi. Ushbu qonunning 5-moddasiga ko‘ra, mamlakatda vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklaridan biri sifatida jamoat tartibiga, fuqarolarning sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish belgilab qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, qabul qilingandi. Unga ko‘ra, milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarning boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
LiveBarchasi