Namanganda direktor o‘qituvchilarni o‘t-o‘lan yulishga majburladi (video)
Jamiyat
−
08 avgust
15812Namangan viloyati Pop tumani 43-maktab direktori maktabda ta’til bo‘lishiga qaramay, pedagoglarni ta’lim maskaniga chaqirib, soat 16:00 gacha o‘zlariga tegishli bo‘lmagan vazifalarni bajarishga, ya’ni maktab hududidagi o‘t-o‘lan, beda va ajriqlarni yulishga majbur qildi. Bu haqda o‘qituvchilar QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Bizga taqdim etilgan materiallarga ko‘ra, maktab direktori M.Marasulova yuqorida sanalgan “qora” ishlarni qilishni istamagan o‘qituvchilardan 500 ming so‘mdan pul talab qilgan. Bundan tashqari, u o‘qituvchilarni o‘quvchilarning ota-onalaridan pul yig‘ishga ham majburlagan.
“Opa, mening sog‘lig‘im ko‘tarmaydi, ishlolmayman, 500 mingdan berganlar mazza qilib, uyda o‘tirsa, men ham ajriq chopib, ham ustalarni boqib, soat 16:00 da ketamanmi, deyayotganlarga hozir ham kech emas. O‘ylab ko‘ringlar. Baribir bu yerda qo‘llaringdan hech nima kelmayapti. Uyda ishlaganday ishlanglar. Meni tomorqamda ishlayapsizlarmi? Qo‘l tegdi – ketmon tegdi qilmay, yaxshilab ishlanglar. Non yeyapsizlar-ku shu maktabda”, degan maktab direktori.
Qolaversa, direktor maktabda ta’mirlash ishlarini olib borayotgan ustalarni tushligi uchun har bir o‘qituvchidan 20 ming so‘mdan pul so‘ragan yoki uylaridan bir choynak choy damlab, ikkita non yopib kelishlarini buyurgan.
“Hammani 3 tadan bo‘lib qo‘yaman, 20 mingdan tushadimi, 25 mingdan tushadimi, 100 ming so‘mdan tushadimi, 1,5 kg osh 45 ming so‘m ekan. Ikkita nonni uydan yopib kelsalaring ham bo‘laveradi. Bitta qovun yoki tarvuz. Bitta choynak choy. Bunga ko‘nmasalaring avgust oyidagi oylikdan olib qolib, ustalarga xizmat haqini berib yuboraman”, degan direktor.
Maktab xususiy emasligini, davlatga qarashli ekanligini tasdiqlagan direktor hamma ustalarga osh qilib berishga majburligini aytgan va bu ishdan bo‘yin tovlaganlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishini bildirgan.
“20 ming pul uchun men senlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilaman”, degan u.
QALAMPIR.UZ holat yuzasidan 43-maktab direktori bilan bog‘landi. Ayolning bildirishicha, u ba’zi bir o‘qituvchilar bilan janjallashib qolgani uchun ular shunday shikoyat qilgan. Direktor bunday qonun-qoidalarning tashabbuskori emasligini aytdi, kimning buyrug‘i ekanligiga esa javob berishni istamadi. Shu bilan birga, u faqat buyruq bilan cheklanib qolmay, o‘zi ham o‘qituvchilar bilan birga maktab hovlisida ishlashini bildirdi.
“O‘zim ham birga o‘sha yerlarni tozalayman. Endi oylik olgandan keyin ularga ham nimadir ish topib berish kerak-ku. Ichkarida ish yo‘q. Hamma joyda shunday. Saylov jarayonlari boshlandi. Nazorat uchun kelganlar obodonlashtirishni ko‘radi”, dedi direktor.
Ma’lumot uchun, pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonunga ko‘ra, ️huquqbuzarlik ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish, majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, shuningdek, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlangan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
QALAMPIR.UZ holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan ham bog‘landi. Vazirlikka ko‘ra, hozirda direktorning xatti-harakatlari nazoratga olingan.